Qulay ishbilarmonlik muhiti samarasi
Davlatimiz rahbarining 2014-yil 7-apreldagi «O‘zbekiston Respublikasida investitsiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq tadbirkorlarga berilayotgan imtiyozlar yanada ko‘paydi.
Mamlakatimizda qulay ishbilarmonlik va investitsiya muhiti yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, joriy yilda tadbirkorlarning huquq va manfaatlari himoyasini kuchaytirish, ularning moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini tekshirishlar sonini cheklash, tadbirkorlik sohasidagi faoliyatni erkinlashtirishga qaratilgan bir qator hujjatlar qabul qilindi.Davlatimiz rahbarining 2014-yil 7-apreldagi «O‘zbekiston Respublikasida investitsiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq tadbirkorlarga berilayotgan imtiyozlar yanada ko‘paydi.
Bunday imkoniyatlar tufayli tadbirkorlikning, ayniqsa, kichik biznesning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi joriy yilning birinchi yarmida 43,9 foizni tashkil etdi. Sohada aholi bandligi 76,4 foizga yetdi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida iqtisodiyotda tadbirkorlik taraqqiyoti hamda investitsiyaviy imkoniyatlarning huquqiy asoslari mavzusiga bag‘ishlab tashkil etilgan matbuot anjumanida shular haqida so‘z bordi.
Adliya vazirligi tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish boshqarmasi boshlig‘i Sh.Saidov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda qulay ishbilarmonlik muhiti yaratilib, tadbirkorlik faoliyatini yuritish shart-sharoitlari tobora yaxshilanayotganini ta’kidladi. Bu iqtisodiyotimiz izchil rivoji va aholi farovonligini oshirishda muhim o‘rin tutmoqda.
Prezidentimizning yuqorida qayd etilgan farmoniga muvofiq soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lab kelayotgan, ishlab chiqarish sur’atlarining barqaror o‘sishi va rentabelligini ta’minlayotgan kichik tadbirkorlik subyektlarining moliya-xo‘jalik faoliyatini soliq sohasida tekshirishni taqiqlash bo‘yicha moratoriy muddati 2017-yil 1-yanvarga qadar uzaytirildi. Ya’ni, ushbu subyektlarda 2017-yilning 1-yanvariga qadar tekshirish o‘tkazilmaydi. Yuridik shaxslarni tugatish chog‘ida qo‘zg‘atilgan jinoiy ishlar doirasida, shuningdek, byudjet hamda markazlashtirilgan mablag‘lar va resurslardan foydalanish bilan bog‘liq rejadan tashqari tekshirishlar bundan mustasno.
Anjumanda farmonga muvofiq joriy etilgan yangi tartib-taomillar, imtiyozlar haqida batafsil ma’lumot berildi. 2014-yil 1-oktabrdan boshlab Interaktiv davlat xizmatlari yagona portalida maxsus «tadbirkorlik subyektining kabineti» ishlashi tadbirkorlarga yanada keng qulaylik yaratishi qayd etildi. Chunki ushbu kabinet orqali, internet-banking tizimidan foydalanib tadbirkorlar barcha to‘lovlarni amalga oshirishi mumkin bo‘ladi.
Tadbirda Adliya organlari tomonidan tadbirkorlar hamda xorijiy investorlar huquq va manfaatlari himoyasini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham so‘z yuritildi. Joriy yilning o‘tgan davrida adliya organlari tomonidan tadbirkorlikka, shuningdek, xorijiy investitsiyalarga oid qonun hujjatlari ijro etilishi yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining 529 noqonuniy qarori bekor qilindi. Tadbirkorlar va xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning manfaatini ko‘zlab sudlarga 11,5 milliard so‘mlikdan ortiq 766 da’vo ariza kiritilgan.
Matbuot anjumanida sohaga oid me’yoriy-huquqiy bazani yanada takomillashtirish, tadbirkorlar bilan o‘tkazilayotgan «ochiq eshiklar kuni», «yagona oyna» markazlari faoliyati yuzasidan ham atroflicha ma’lumot berildi.