QR-kodsiz savdoga barham berildi
Toshkent shahar soliq boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, poytaxt hududida yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish, tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatining shaffofligini ta’minlash hamda soliq madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan keng ko‘lamli targ‘ibot, xatlov va profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Sergeli tumanidagi yirik savdo majmualarida o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida bir qator qonunbuzilish holatlari aniqlanib, joyida bartaraf etildi.

Xususan, “GOLDEN LIFE” savdo markazida 97 ta tadbirkorlik sub’ekti to‘liq xatlovdan o‘tkazildi. Tekshiruv jarayonida 38 ta savdo nuqtasida QR-kod mavjud emasligi ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, 8 nafar xodimning mehnat munosabatlari rasmiylashtirilmagani aniqlanib, ular bilan mehnat shartnomalari qonunchilikka muvofiq tartibda rasmiylashtirildi. Ko‘rilgan choralar natijasida savdo tushumlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 136,2 foizga o‘sdi.

Shuningdek, “Sergili Trading Solution” MCHJ hududida faoliyat yuritayotgan 29 ta chakana savdo sub’ektida ham xatlov jarayonlari o‘tkazildi. 15 ta holatda QR-kod o‘rnatilmagani, 7 nafar xodim esa norasmiy ishlayotgani aniqlandi. Kamchiliklar bartaraf etilganidan so‘ng faoliyat qonuniy asosga keltirildi. Natijada savdo tushumlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 186,1 foizga oshishi ta’minlandi.
Amalga oshirilayotgan bunday manzilli va tizimli tadbirlar yashirin iqtisodiy faoliyatni “soya”dan chiqarish, halol tadbirkorlik muhitini mustahkamlash hamda byudjet tushumlarini oshirishga xizmat qilmoqda.

Sh.Mamaturopova, O‘zA