Qozog‘istonning etnik tarkibi e’lon qilindi
“El.kz” agentligining xabariga ko‘ra, bugun – 1 may Qozog‘istonda xalqlarning birligi kuni nishonlanmoqda. Prezident Qosim-Jomart Toqayev shu munosabat bilan mamlakat fuqarolarini qutlab, “bayram yurtimizdagi ahillik va totuvlikni o‘zida mujassam etgan” deb ta’kidlagan.
Bayram arafasida Respublika Statistika agentligi mamlakatda istiqomat qilayotgan millat vakillari haqida ma’lumot berdi.
Bugun Qozog‘iston aholisi 19 million 808 ming 430 kishini tashkil qiladi. Ulardan 70,6 foizini qozoqlar, rus aholisi ulushi 15,1, o‘zbeklar 3,2, ukrainlar 1,9, uyg‘urlar 1,5, nemislar 1,1, tatarlar 1,1, ozarbayjonlar 0,7, koreyslar 0,6 foizni tashkil qiladi. Bundan tashqari, yana boshqa millat vakillari bor.
Eng ko‘p qozoqlar Turkiston viloyatida – 1,5 million, ruslarning ko‘pchiligi Olmaota shahrida – 428 ming, o‘zbeklar Turkiston viloyatida – 378 ming kishi, ukrainlar Kustanay viloyatida – 86 ming, jami 297 ming uyg‘urlarning eng ko‘pi Olmaota viloyatida – 120 kishi istiqomat qiladi.
Qozog‘istonda gagauz, lezginlar, qumiqlar, avarlar kabi etnik guruhlar vakillari, jami mamlakatda 124 millat vakillari emin-erkin, hur yashab kelmoqda, deyiladi agentlik xabarida.
O‘zA