Qozog‘iston va Qirg‘izistonda o‘tadigan kompleks musobaqalarga tayyorgarlik tahlil qilindi
Sport vazirligida joriy yilning 29-iyul - 9-avgust kunlari Qozog‘istonning Ostona shahrida bo‘lib o‘tadigan fidjital sport turlari bo‘yicha “Kelajak o‘yinlari – 2026” hamda 31-avgust – 6-sentabr kunlari Qirg‘izistonda tashkil etilishi rejalashtirilayotgan VI Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazildi.
Taqdimotlar davomida tegishli yo‘nalish mutasaddilari musobaqalarga tayyorgarlik jarayonlari, sportchilarni saralash, mashg‘ulot tizimi, shuningdek, infratuzilma va tashkiliy masalalar yuzasidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni muhokama qildi.


Yig‘ilish yakunida sport vaziri Adham Ikromov tomonidan nufuzli xalqaro musobaqalarda sportchilarimizning munosib ishtirokini ta’minlash, o‘quv-mashg‘ulot jarayonlarini xalqaro talablar asosida o‘tkazish, zamonaviy yondashuvlarni keng joriy etish hamda daxldor tashkilot va sport federatsiyalarning ish tizimida samaradorlikni oshirish bo‘yicha tegishli topshiriq va tavsiyalar berildi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA