Qozog‘iston quruqlikdagi barcha chegaralarni ochadi
Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari Yerali Tog‘janov mamlakat havo va quruqlik aloqalarini tiklashga tayyorligini ma’lum qildi. Bu haqda “Kazinform” muxbiri Ayjan Serikjanqizi xabar berdi.
– Biz barcha havo va quruqlik qatnov yo‘llarini imkon qadar tiklashga harakat qilamiz, – dedi bosh vazir o‘rinbosari.
U hozirda 23 mamlakat bilan xalqaro aloqalar doirasida 78 ta yo‘nalish ochilgani, haftasiga 259 ta reys amalga oshirilayotganini tasdiqlagan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 57 ta ichki yo‘nalish bo‘yicha qatnovlar to‘liq tiklangan, 65 ta muntazam reyslar amalga oshirilgan.
Shu bois, Yerali Tog‘janov Sog‘liqni saqlash, Madaniyat va sport, Tashqi ishlar vazirliklariga mutasaddi idoralar bilan birgalikda chegaralarni ochish rejasini ishlab chiqish vazifasini topshirgan.