Qozog‘iston O‘zbekiston bilan chegarani ochdi
Epidemiologik vaziyat barqarorlashayotganidan kelib chiqib, Qozog‘iston 11 apreldan O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Rossiya bilan quruqlikdagi o‘tish nuqtalarida davlat chegarasini kesib o‘tishga qo‘yilgan cheklovni bekor qildi.
Bu haqda Qozog‘iston Respublikasi Bosh vazirining rasmiy axborot manbasida e’lon berildi.
Xabarda, shuningdek, Qozog‘iston davlat chegarasini havo orqali kesib o‘tish bo‘yicha ham barcha cheklovlar olib tashlangani ma’lum qilingan.
Binobarin, Qozog‘iston fuqarolari va mamlakat hududida yashash uchun ruxsatnomaga ega bo‘lgan xorijliklar hamda o‘zaro emlash pasporti mavjud bo‘lgan chet el fuqarolari uchun PZR usulidan foydalangan holda COVID-19 testi manfiy natijasi, sertifikat yoki to‘liq emlashganlik to‘g‘risidagi hujjatni majburiy taqdim etish, koronavirusga qarshi qayta emlanish talabi saqlanib qoladi.
Bayonotda mamlakat chegarasini ochish masalasi Qozog‘iston rahbarining doimiy nazoratida ekani ta’kidlangan. Hokimliklarga koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash jarayonini nazoratga olish bo‘yicha tegishli ko‘rsatma berilgan.