Qozogʻiston: COVID-19 nazorat ostida
Dunyo miqyosida koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq koʻrsatkichlar jadal oʻsishda davom etyapti.
Dunyo miqyosida koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq koʻrsatkichlar jadal oʻsishda davom etyapti. Bu holat odamlarda tashvish uygʻotib, hatto, yolgʻon xabarlar tufayli savdo nuqtalarida, dorixonalarda asossiz ajiotaj paydo boʻlishiga olib kelmoqda. Ayrim ommaviy axborot vositalari bizga qoʻshni Qozogʻistonda vaziyat izdan chiqib ketganini yoza boshladi. Binobarin, prezident Qosim-Jomart Toqayev taʼkidlaganidek, mamlakatda epidemiologik vaziyat nazorat ostida, hukumat tomonidan virusga qarshi kurash yuzasidan kerakli barcha choralar koʻrilmoqda.
Birinchidan, ayrim xorijiy OAV (The New York Times, The Telegraph, Express, France24 va boshqalar) Qozogʻiston COVID-19 jadal surʼatda tarqalayotgan mamlakatlar roʻyxatiga kirgani toʻgʻrisidagi xabarlarni chop etmoqda.
Maqolalarda, goʻyoki, respublikada takroran joriy etilgan keskin lokdaun haqida xato fikrlarni yozishmoqda. Aslida, mamlakatda atigi ikki haftaga keskin karantin choralari joriy etildi, xolos.
Asossiz xabarlar Qozogʻistondagi vaziyat boʻyicha muayyan tushunmovchiliklar kelib chiqishiga, buning oqibati oʻlaroq, OAVda Qozogʻiston Respublikasidan epidemiologik xatar tarqalishi xususida boʻrttirilgan axborotlar paydo boʻlishiga olib keldi.
Ikkinchidan, joriy yil iyul oyi boshlarida COVID-19ning simptomsiz shakllari koʻrsatkichi kasallik bilan bogʻliq umumiy statistikaga qoʻshib yuborildiki, bu bilan infeksiya surʼati sezilarli darajada oʻsdi.
Shak-shubhasiz, kasallikning har ikki shakli atrofdagilarga xavf tugʻdiradi. Shu paytgacha alohida hisob olib borilgan. Bunday yondashuv bekor qilinishi bilan oldin hisoblanmagan barcha holatlar jahon statistikasiga qoʻshib yuborildi.
Ayni shu omil raqamlar buzib koʻrsatilishiga zamin yaratdi.
Uchinchidan, hozirgi vaqtda Qozogʻistonda COVID-19ga daxldor, deya qayd etilgan, taxminan, 48 874 holatning 25 021 tasi simptomli, 23 553 simptomsiz ekani maʼlum. Bir kun davomida 1403 ta yangi holat aniqlandi, oʻsish esa 3 foizni tashkil etdi.
Hozirgacha 24990 bemor (51,1 foiz, yaʼni kasallarning yarmidan koʻpi) sogʻaydi. 23 324 nafar inson davolashni davom ettiryapti, 260 kishi vafot etdi.
Qozogʻistonda virus urchishi koʻrsatkichi iyun oyida 1,3 foizni tashkil etdi. Soʻnggi haftada bu koʻrsatkich 1,05 foiz pasaydi.
Dunyo miqyosida 8-iyul holatiga koʻra, virus yuqtirib, roʻyxatga olinganlar 11,5 million kishi. Oʻlim holati 536 ming (4,6 foiz)ni tashkil etmoqda. AQSHda kasallanish koʻrsatkichi 2,9 million (4,4 foiz), Rossiyada 681,2 ming (1,5 foiz), Qozogʻistonda 48,8 ming (0,5 foiz). Jon Xopkins universiteti maʼlumotiga koʻra, Qozogʻiston COVID-19 tarqalishi darajasi boʻyicha dunyoda 35-oʻrinda.
Toʻrtinchidan, Qozogʻiston aholini ommaviy testdan oʻtkazish tartibini izchillik bilan yoʻlga qoʻygan. Koronavirusga oid laboratoriya tadqiqotlari 1631817 kishi (har yuz ming aholiga 8746 nafardan toʻgʻri keladi)da oʻtkazildi. Qozogʻiston aholini test bilan qamrab olish boʻyicha 19-oʻrinni egallaydi.
worldmeters.info xalqaro manbasi maʼlumotiga koʻra, mamlakat oʻlim koʻrsatkichi boʻyicha 113-oʻrinda. Koʻrsatkichlar mamlakatda koʻrilayotgan choralar samaradorligidan dalolat.
Xullas, xalqaro statistikada Qozogʻiston epidemiologik vaziyat rivojining moʻtadil surʼatini namoyish etmoqda.
Qozogʻistonda karantin 5-iyuldan 19-iyulgacha davom etadi. Cheklov choralari doirasida ommaviy, shuningdek, oilaviy va xotira tadbirlari oʻtkazishni taqiqlashga qaror qilindi. Bundan tashqari, goʻzallik salonlari, sartaroshxonalar, sport zallari, fitnes-markazlar, basseynlar, usti yopiq bozorlar, plyajlar, akvaparklar, madaniy va diniy obyektlar, koʻngil ochar majmualar, kinoteatrlar, bolalar bogʻchalari, sogʻlomlashtirish lagerlari va boshqa muassasalar faoliyati toʻxtatildi.
Davlat tashkilotlari, idoralar, milliy kompaniyalar va boshqa muassasalarda kamida 80 foiz xodim masofaviy shaklda ishlashi tartibi hamon kuchida qolmoqda.
Shuningdek, uch kishidan ortiq sayr qilish yoki birga yurishga nisbatan cheklov oʻrnatildi.
Belgilangan vaqt davomida tibbiyot markazlari, dorixonalar, oziq-ovqat doʻkonlari, usti ochiq bozorlar ishlaydi. Sanitariya-dezinfeksiya rejimiga qatʼiy rioya qilingan holda, ochiq havodagi jamoat ovqatlanish korxonalari, qurilish, muttasil ishlab chiqarish bilan mashgʻul sanoat korxonalari ishni davom ettiradi, qishloq xoʻjaligi va ochiq havodagi qurilish ishlari ham bundan mustasno emas. Qolaversa, aholiga xizmat koʻrsatish, jumladan, avtomobil va maishiy texnikani taʼmirlash ustaxonalari ishi toʻxtatilmaydi.
Karantin davrida xalqaro havo qatnovi mamlakatlar roʻyxati oshirilmagan tarzda saqlab qolindi. Ayni payt mamlakat ichkarisidagi samolyot va poyezdlar harakati cheklandi. Karantin chogʻi shaharlararo avtobus qatnovi toʻxtatiladi va shaharlardagi jamoat transporti faoliyati cheklanadi.