Qotillikda gumon qilingan ayol qo‘lga olindi
Andijon shahri O‘zbekiston mahallasi Zafar ko‘chasidagi xonadonlardan birida vaqtincha yashab kelayotgan fuqaro O.O. sakkiz yoshli o‘g‘li va besh yoshli qizi uyidan chiqib ketib, bedarak yo‘qolganligi haqida ichki ishlar bo‘limiga murojaat qilgan.
Murojaat bo‘yicha olib borilgan tezkor qidiruv va surishtiruv ishlari davomida 2022 yilning 19 iyun kuni ayol bolalari bilan vaqtincha yashab kelayotgan xonadonning yerto‘lasidan qidirilayotgan bolalarning o‘ldirilgan jasadlari topilgan.
Mazkur holat yuzasidan Andijon shahar prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 97- moddasiga asosan, jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Mazkur jinoyatni sodir etishda jinoyat sodir etilgan xonadon egasi, lekin hozirda Izboskan tumani Maygir qishlog‘ida yashab kelayotgan, 1995 yilda tug‘ilgan J.O. ismli ayol gumonlanib, qo‘lga olingan.
Ushbu holat bo‘yicha tergov-surishtiruv ishlari davom etmoqda.
F. UBAYDULLAEV, O‘zA