Qo‘shiqchilikda maktab yaratgan san’atkor
Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati institutida "O‘zbekkonsert" davlat muassasasi, O‘zbek Milliy maqom markazi va boshqa tashkilotlar hamkorligida O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti, "Bahor" ansamblining yakkaxon xonandasi, "Mehnat shuhrati" ordeni sohibi Xayrulla Lutfullayev ijodiga bag‘ishlangan kecha o‘tkazildi.
San’atimiz darg‘asi mana ellik yildan ortiq vaqt mobaynida muxlislarni o‘zining betakror qo‘shiqlari bilan quvontirib kelmoqda. Ustoz san’atkor milliy qo‘shiqchilik sohasida o‘ziga xos maktab yaratgani, ko‘plab shogirdlarga xonandalik, sahna madaniyati sirlarini o‘rgatgani diqqatga sazovor.

Xayrulla Lutfullayev o‘z davrida ko‘p yillar mobaynida atoqli o‘zbek shoiri Po‘lat Mo‘min bilan samarali ijodiy hamkorlik qilib kelgan. Bu esa beg‘ubor tuyg‘ular, Vatan, inson qadrini ulug‘lashga oid yangi-yangi dilbar qo‘shiqlarning yaratilishiga sabab bo‘lgan.

Kechada ustoz san’atkorning milliy qo‘shiqchilik san’atini rivojlantirishdagi mehnatlari yuqori e’tirof etildi. Milliy kuy-qo‘shiqlardan iborat konsert dasturi namoyish etildi.
N.Usmonova, O‘zA