Qo‘sh elning lochin siymosi
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida atoqli qozoq yozuvchisi, dramaturg, tarjimon va jamoat arbobi Rahmatilla Rayimqulov tavalludining 110 yilligi munosabati bilan "Qo‘sh elning lochin siymosi" nomli xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.
Tadbir ishtirokchilari dastlab konferensiya munosabati bilan tashkil etilgan kitoblar ko‘rgazmasi bilan tanishdilar. Anjuman doirasida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida Qozog‘iston Yozuvchilar uyushmasi va Qozog‘iston Fanlar akademiyasi vakillari qabul qilindi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi, yozuvchi Malik O‘tarbayev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, Turon akademiyasi akademigi Qaldibek Seydanov, Qozog‘iston Respublikasi davlat arbobi, yozuvchi va publitsist Sovutbek Abdurahmanov va boshqalar ikki qardosh xalq o‘rtasidagi do‘stlik aloqalari keyingi yillarda yanada rivojlanib, yangi bosqichga kirganini ta’kidladi.
Ma’lumki, Rahmatilla Rayimqulov 1913 yilda hozirgi Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumani Qoramanas qishlog‘ida tug‘ilgan.
1929 yilda Toshkentda to‘rt sinfli qozoq maktabida ta’lim olib, keyin pedagogika texnikumiga o‘qishga kiradi. 1933 yilda o‘qishni tugallab, Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanidagi "Olg‘a" gazetasida muharrir sifatida ham ishlaydi. 1935-1936 yillarda Toshkentdagi pedagogika oliygohida o‘qiydi. Uning keyingi faoliyati Qozog‘iston nashrlari bilan bog‘lanadi. 1941-1946 yillar davomida Ikkinchi jahon urushida ishtirok etadi.
Rahmatilla Rayimqulov Qozog‘istonning noshirlik, yozuvchilik bilan bog‘liq bir qator tuzilmalarida mehnat qildi. Qator asarlari bilan o‘quvchilar mehrini qozondi. Uning turli yillarda "Va’da" (1958), "Yashil to‘siq" (1960), "Tuya mingan odam" (1962), "O‘lim bilan yuzma-yuz" (1963), "Tayoqchali odam"(1964), "Surma" (1964), "Burilishlar" (1967), "Ko‘zgu - qiz" (1970) ,"Po‘lat parchalari" (1975), "Qora yo‘rg‘a" (1993) nasriy to‘plamlari nashr etilgan.
Ijodkor mohir tarjimon sifatida ham munosib meros qoldirgan.Tojik, o‘zbek, uyg‘ur va latish adabiyoti namunalarini qozoq tiliga o‘girib, nashr ettirgan. Sadriddin Ayniyning "Buxoro" trilogiyasining ikkita kitobi, Mirmuhsinning "Umid" romanini, uyg‘ur yozuvchisi Yusupbek Muxlisovning "Muhabbat" novellasini , ukrain yozuvchisi Oleg Goncharning hikoyalari va romanlarini qozoq tiliga tarjima qilgan.
Tadbirda Rahmatulla Rayimqulov tavalludining 110 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan "Qo‘sh elning lochin siymosi" nomli xalqaro tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘ldi.
Ayni paytda Rahmatilla Rayimqulovning "Bo‘z kapalak" , "Rahmatilla Rayimqulov. Ibratli umr" kitobining taqdimoti o‘tkazildi.
N.Usmonova,
O‘zA