Qoratut – imkoniyat va yangi umidlar manzili
Qashqadaryo viloyatida inson taqdiri, mehnat va tabiat uyg‘unligi yaqqol namoyon bo‘ladigan manzillar ko‘p. Ana shunday hududlardan biri Shahrisabz tumanida joylashgan Qoratut qishlog‘idir. Bu yerda nafaqat tabiatning so‘lim manzarasi, balki inson irodasi, yangilanishga intilish ham ko‘zga tashlanadi.
Qoratutda yashovchi Umid Arslonov hayoti bugun ko‘plar uchun ibrat bo‘la oladi. U bir paytlar yo‘l qo‘ygan xatosi sabab ozodlikdan mahrum etilgan. Keyinchalik Prezidentning afv siyosati asosida jazodan ozod qilinib, yangi hayot boshlash imkoniga ega bo‘ldi. Biroq ozodlikka chiqqanidan so‘ng uni qiynagan savol bir xil edi: “Endi qanday yashayman?”
Ushbu savol ko‘plab insonlar hayotida burilish nuqtasiga aylanadi. Umid ham shunday vaziyatga duch keldi. Ammo u taslim bo‘lmadi. Mahalla tizimi orqali yaratilgan imkoniyatlardan foydalanishga qaror qildi.
Hisor mahallasida hokim yordamchisi sifatida faoliyat yuritayotgan Farruh Po‘latov bilan bo‘lgan uchrashuv uning hayotida yangi bosqichni boshlab berdi.
– To‘rt yil ozodlikdan mahrum etilgandim. Keyin Prezident afvi bilan muddatidan oldin ozod etildim, – deydi Umid Arslonov. – Ozodlikka chiqqanimdan so‘ng hayotimni qayta yo‘lga qo‘yish oson kechmadi. Qiyinchiliklar ko‘p bo‘ldi. Shunda hokim yordamchisiga murojaat qildim. U kishi muammolarimni tinglab, amaliy yordam ko‘rsatdi. Maslahatlar asosida baliqchilikni boshlashga qaror qildik va 10 million so‘m imtiyozli kredit ajratildi.
Shu tariqa Umid o‘z faoliyatini baliqchilikdan boshladi. Hovuz tayyorlanib, zarur jihozlar o‘rnatildi va 1000 dona xonbaliq chavoqlari parvarishga olindi. Hozirgi kunda bu ish boshlanganiga uch oy bo‘ldi.
– Dastlab qiyinchiliklar bo‘ldi, ayrim yo‘qotishlarga ham duch keldik. Ammo mutaxassislar ko‘magi bilan ishimizni izga soldik, – deydi u. – Hozir baliqlar yaxshi parvarishlanmoqda. Olti oydan so‘ng har biri taxminan bir kilogramm vaznga yetishi kutilmoqda. Kelgusida faoliyatimni kengaytirish niyatim bor.
Bu yerda faqat baliq emas, balki insonning ishonchi va umidi ham qayta tiklanmoqda.
Ta’kidlash lozimki, Hisor mahallasida aholini band qilish va daromad manbalarini ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratilgan. Hududda 4,5 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi.
– Asosiy “drayver” yo‘nalishlarimiz chorvachilik va baliqchilik hisoblanadi. Shu bilan birga, qo‘ziqorinchilikni ham yo‘lga qo‘yish ustida ish olib boryapmiz, – deydi hokim yordamchisi Farruh Po‘latov. – Hozirgacha ushbu yo‘nalishlarga 300 million so‘mdan ortiq imtiyozli kreditlar ajratildi. Eng muhimi, har bir oila imkoniyatidan kelib chiqib, alohida biznes reja ishlab chiqiladi.
Bu yondashuv manzilli qo‘llab-quvvatlash tizimi samarali ishlayotganini ko‘rsatadi.
Hududdan Tanhozdaryo oqib o‘tadi. Uning musaffo suvlari va Hisor tog‘ tizmalari bag‘rida joylashgan qishloqlar bu yerni turizm uchun ham jozibador manzilga aylantirmoqda.
– Mahallamiz tarkibiga Xummon, Qorabayir, Almati, Sho‘rasan, Vardon, Do‘stlik va Qoratut qishloqlari kiradi. Tabiatning go‘zalligi tufayli turizmni rivojlantirishga ham katta e’tibor qaratilmoqda, – deydi F.Po‘latov. – Daryo bo‘yida 30 dan ortiq dam olish maskanlari tashkil etilgan. Yil yakuniga qadar ular sonini 100 taga yetkazish rejalashtirilgan.
Qoratut qishlog‘ida yana bir noyob meros – besh asrlik suv tegirmoni saqlanib qolgan va undan hozirgacha foydalaniladi. Uni bugun 76 yoshli Marhabo Yoqubova boshqarib kelmoqda.
[gallery-28755]
Tegirmon tabiiy suv kuchi yordamida ishlaydi. Bu yerda tayyorlanadigan unga talab yuqori.
– Shu tegirmon orqali farzandlarimizni voyaga yetkazdik, – deydi Marhabo xola. – Hozir ham uni o‘zimiz yuritamiz. Kuniga 10-15 qop bug‘doy qayta ishlanadi. Tegirmon unga talab kamaygani yo‘q.
Tanhozdaryo suvi tegirmon charxini harakatga keltirar ekan, u hayot davomiyligini eslatgandek bo‘ladi.
Xulosa qilib aytganda, Qoratut oddiy qishloq emas. Bu yerda inson taqdiri, davlat siyosati va tabiat uyg‘un. Eng muhimi, insonga imkoniyat berilsa, u albatta o‘z yo‘lini topishi yana bir bor isbotlanmoqda.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari