Qoraqalpog‘istonlik yoshlar – Namanganda
Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi bayrami munosabati bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qorao‘zak tumanidan bir guruh yoshlar Namanganga kelib, viloyatda yosh avlod uchun yaratilgan imkoniyatlar hamda ilg‘or tajribalar bilan tanishmoqda.
Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari Otabek Bozorov temir yo‘l vokzalida tantanali kutib olingan mehmonlarni yurtimiz hayotidagi muhim va qutlug‘ sana – O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi bilan samimiy tabrikladi. Viloyatda amalga oshirilayotgan yoshlar siyosati, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasidagi loyihalar hamda ertamiz egalari uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida ma’lumot berildi.

Tashrif davomida viloyatdagi diqqatga sazovor joylar hamda tadbirkorlik sub’ektlarida uchrashuvlar va ochiq muloqotlarda tajriba almashish va yangi g‘oyalarni muhokama qilishga alohida e’tibor qaratilyapti.Qoraqalpog‘istonlik mehmonlar dastavval Davlatobod tumanidagi “Yangi O‘zbekiston – yoshlar ziyo maskani" axborot kutubxonasida bo‘ldi.
Ma’rifat maskanida qoraqalpoq yoshlari o‘g‘il-qizlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkillash, ularning bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish, ijodiy hamda intellektual salohiyatini yuzaga chiqarish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi. Kutubxonadagi zamonaviy sharoitlar, to‘garak va loyihalar, mavjud imkoniyatlar mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Viloyat sanoatida muhim o‘rin tutadigan, Davlatobod tumanidagi “Fazman tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyatida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda korxona faoliyati, ishlab chiqarish jarayoni va zamonaviy uskunalar bilan tanishildi. Tadbirkorlik va ishlab chiqarish sohasidagi amaliy tajribalar o‘rganildi. Ayniqsa, yangi ish o‘rinlarini yaratish, yoshlarni kasb-hunarga yo‘naltirish va ularni tadbirkorlikka jalb etish borasidagi ishlar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Tashrifning keyingi manzili – To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “Iftixor kiyim sanoat” klasterida paxtani qayta ishlash hamda undan ip-kalava ishlab chiqarish jarayoni bilan yaqindan tanishildi. Korxonadagi zamonaviy texnologiyalar va yaratilgan imkoniyatlarni ko‘zdan kechirdi.

Tumandagi yana bir e’tiborga molik loyiha natijasi – “Uychi parranda” mas’uliyati cheklangan jamiyati hamda “Namangan qo‘ychilik klasteri”da yoshlar korxonalarning faoliyati, ishlab chiqarish jarayonlari va chorvachilik sohasida yaratilgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdi.

Bundan tashqari qoraqalpog‘istonlik yoshlar uchun Namangan viloyatining tarixiy qadamjo va istiqlol yillarida barpo etilgan ajoyib maskanlar bo‘ylab sayohat unutilmas taassurotlarga boy tarzda kechdi.

Xususan, To‘raqo‘rg‘on va Mingbuloq tumanlari kesishmasida joylashgan, uch ming yillik moziydan so‘zlovchi Axsikent arxelogik parkidagi boy madaniy merosi va arxeologik yodgorliklar hamda O‘rta Osiyoda yagona bo‘lgan, Davlatobod tumanidagi “Afsonalar vodiysi” tematik bog‘ida mehmonlar maroqli hordiq chiqardilar.

Qoraqalpog‘istonlik yoshlarning Namanganga safari hududda yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlarni o‘rganish, o‘zaro tajriba almashish va yangi tashabbuslarga yo‘l ochishga xizmat qilmoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.