Qorako‘lda IT-klaster faoliyati yo‘lga qo‘yiladi
Vazirlar Mahkamasining “Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanida IT-klaster faoliyatini yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Buxoro viloyati Qorako‘l tumani “Xo‘jalar” MFY Buxoro ko‘chasida joylashagan bino va inshootlar hamda ularga tutash 6,939 gektar yer maydonida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim berish va IT-xizmatlar eksportiga ixtisoslashtirilgan Qorako‘l IT-klasteri tashkil etiladi.
IT-klaster doirasida quyidagilar tashkil etiladi:
zamonaviy infratuzilma, laboratoriyalar va ilmiy-tadqiqot markazlariga ega universitet;
masofaviy IT-xizmatlar eksporti markazi;
ilmiy-tadqiqot markazlari, o‘quv laboratoriyalari va startap loyihalarni rivojlantirish inkubatsiya markazi va boshqa ob’ektlar.
IT-klaster faoliyatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat bo‘ladi:
xalqaro ta’lim standartlari asosida kiberxavfsizlik, sun’iy intellekt, dasturiy ta’minotni ishlab chiqish, axborot tizimi va kompyuter tarmoqlarini boshqarish hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining boshqa dolzarb yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlash;
axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
o‘quv jarayonini ilg‘or xorijiy tajriba va zamonaviy ta’lim texnologiyalari asosida tashkil etish;
axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida ilmiy va amaliy tadqiqotlar o‘tkazish;
xorijiy va mahalliy IT-kompaniyalarida talabalar amaliyotini tashkil etish;
axborot texnologiyalari sohasida raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqish va xizmatlar ko‘rsatish, masofaviy IT-xizmatlar eksporti hajmini oshirishga ko‘maklashish;
raqamli texnologiyalar sohasida startap loyihalarni ishlab chiqish hamda yoshlarda bunday ko‘nikmalarni shakllantirish.
Qurilish ishlari ikki bosqichda amalga oshiriladi.
Birinchi bosqichda – 2023 yil 1 sentyabrga qadar ma’muriy bino, o‘quv laboratoriyasi va 5600 o‘ringa mo‘ljallangan o‘quv binolari quriladi hamda zarur jihozlar bilan ta’minlanadi.
Ikkinchi bosqichda – 2024 yil 1 sentyabrga qadar 1300 o‘ringa mo‘ljallangan talabalar tur joyi, 15 o‘ringa mo‘ljallangan mehmonxona, 100 o‘ringa mo‘ljallangan inkubatsiya markazi, 200 o‘ringa mo‘ljallangan masofaviy IT-xizmatlar eksporti markazi, oshxona, ochiq va yopiq turdagi sport inshootlari quriladi, jihozlanadi hamda tutash hududlarni obodonlashtirish ishlari amalga oshiriladi.
O‘zA