Qorabayirlar jilovidagi milliy meros
Otlarning kishnashi, chavandozlarning shiddatli harakati, milliy liboslar jilosi va maydonni to‘ldirgan tomoshabinlar... Qashqadaryoning Yakkabog‘ tumanidagi Qorabayir otchilik majmuasidagi bu manzara oddiy ko‘rgazmadan ko‘ra katta bir bayramni eslatadi. Bu yerda “O‘zbekiston otlari” ko‘rgazmasi o‘tkazildi.
Maydonda O‘zbekistonning turli hududlaridan kelgan chavandozlar maktablari va Qorabayir otchilik majmuasida parvarishlanayotgan eng sara otlar saf tortgan. Qorabayir, axalteke, gannover va boshqa zotdagi otlar birin-ketin namoyishdan o‘tar ekan, ularning har biri haqida mutaxassislar tomonidan ma’lumot berib borildi.
Birining qomati, birining yurishi, yana birining musobaqalardagi yutuqlari haqida so‘z ketadi. Aslida, har bir otning ortida katta mehnat, parvarish va chavandozlik mahorati bor.
– Tadbirda respublikadagi chavandozlar maktablari va Qorabayir otchilik majmuasining eng yaxshi otlari jamlandi. Ko‘rgazmaning asosiy maqsadi o‘zbek otlarining dovrug‘ini keng yoyish, milliy otchilik an’analarini targ‘ib qilish, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Markaziy devoni katta ofitseri, podpolkovnik Samandar Norbo‘tayev.
Ko‘rgazma an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgani bejiz emas. Chunki o‘zbek xalqi hayotida otning o‘rni juda qadimiy va serqirra. Ot – yo‘ldosh, kuch-quvvat timsoli, chavandozlik maktabining asosi. Bugun esa bu an’ana sport, madaniyat va turizm bilan uyg‘unlashib, yangi mazmun kasb etmoqda.
Maydonda otlar paradi boshlandi.
Chavandozlar otlarini mahorat bilan boshqarib, belgilangan harakatlarni namoyish etadi. Birozdan so‘ng maydondagi tomosha yanada qiziydi. Polo, konkur, uloq-ko‘pkari kabi ot sporti turlari bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlar boshlanadi.
Ayniqsa, kavaleriya eskadroni chavandozlarining jigitovkasi tomoshabinlarning olqishiga sabab bo‘ldi. Ot ustida bajarilayotgan murakkab akrobatik harakatlar chavandozdan nafaqat jasorat, balki yuksak mahorat va ot bilan uyg‘unlikni talab qiladi.
Bu manzaralarni chetda turib kuzatayotgan xorijlik mehmonlarning qiziqishi ham seziladi. Ular uchun bu yerdagi tomosha O‘zbekistonning milliy madaniyati bilan tanishishning o‘ziga xos imkoniyati bo‘ldi. Ularning e’tiborini nafaqat otlar, balki milliy libosdagi chavandozlar, folklor jamoalarining chiqishlari, hunarmandchilik buyumlari va tarixiy eksponatlar ham tortdi.
[gallery-31800]
Ko‘rgazmaga mingdan ortiq mahalliy aholi vakillari ham tashrif buyurgan. Bolalar esa maydondagi har bir harakatni qiziqish bilan kuzatib, otlarni yaqindan ko‘rishga intiladi.
Shu payt maydonda yana bir yosh chavandozga ko‘zimiz tushadi. Uning hamrohi – “Ko‘kbulut” laqabli ot.
16 yoshli Farruh Usmonov Sirdaryo viloyati Boyovut tumanidagi chavandozlar maktabida uch yildan buyon shug‘ullanib keladi. U “Ko‘kbulut” bilan ikkinchi bor “O‘zbekiston otlari” ko‘rgazmasida ishtirok etmoqda.
– “Ko‘kbulut” ayyni paytda 8 yoshda. U bilan birga ancha yutuqlarga erishganmiz. 2024-yilda “Jemchujina Uzbekistan” medali uchun o‘tkazilgan musobaqada uchinchi o‘rinni oldik. Uzoq masofaga poygada birinchi o‘rinni egalladik. Konkur bo‘yicha ham respublika musobaqalarida faol qatnashib kelyapmiz. Bu yil ham faxrli o‘rinni egallashga harakat qilamiz, – deydi Farruh.
Yosh chavandoz asosan konkur yo‘nalishida shug‘ullanadi. Uning aytishicha, musobaqalarda uning yoshidagi chavandozlar uchun 1 metr 30 santimetrgacha bo‘lgan to‘siqlar qo‘yiladi.
Farruhning yana to‘rtta oti bor. Ularning har biri bilan turli musobaqalarda ishtirok etgan. Demak, maydondagi bugungi chiqish uning uchun shunchaki bir tomosha emas. Bu yillar davomida shakllanayotgan mahoratini yana bir bor sinovdan o‘tkazish imkoniyati.
Ko‘rgazma davom etar ekan, maydondagi muhit yanada jonlanadi. Milliy gvardiya, Madaniyat vazirligi va boshqa idoralar hamkorligida tayyorlangan konsert dasturida kuy-qo‘shiqlar yangraydi. Milliy libosdagi san’atkorlar chiqishi otlar paradi va chavandozlar namoyishi bilan uyg‘unlashib ketadi.
Tadbirga tashrif buyurganlar uchun maxsus tashkil etilgan burchaklarda milliy hunarmandchilik buyumlari, laparlar va tarixiy eksponatlar ham namoyish etilmoqda.
Shu tariqa, Qorabayir otchilik majmuasida otlar namoyishidan ko‘ra kengroq ma’noga ega manzara namoyon bo‘ldi. Bu yerda milliy otchilik, chavandozlik mahorati, xalq san’ati va zamonaviy sport bir maydonda uyg‘unlashdi.
“O‘zbekiston otlari” ko‘rgazmasi esa ana shu jihatlari bilan nafaqat yurtimizdagi otchilik maktabining salohiyatini namoyon etdi, balki xorijlik mehmonlarga ham xalqimizning qadimiy va boy otchilik madaniyatini yaqindan his etish imkonini berdi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari