Qonunning joylardagi ijrosi o‘rganildi
Xalq deputatlari Buxoro viloyati kengashining navbatdagi sessiyasida O‘zbekiston Respublikasining “Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida” gi qonunining Olot, Jondor va Kogon tumanlari hokimliklaridagi ijrosi to‘g‘risidagi masala muhokama qilindi.
Xalq deputatlari viloyat Kengashining Axborot siyosati va mahalliy davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasining ma’lum qilishicha, qonun ijrosini tashkil etish bo‘yicha belgilangan choralar hamda ularning bajarilishi yuzasidan Olot, Jondor, Kogon tumanlari hokimlari va uning o‘rinbosarlari ish rejasi mavjud. Qonun, farmon va qarorlarning ijrosi yuzasidan olib borilgan ishlar ommaviy axborot vositalarida yoritilib kelinmoqda. bugungi kunda mahalliy davlat hokimiyatlari va hududiy boshqaruv organlarida shisha tolali aloqa kabellari tortilib yuqori tezlikdagi internet tarmog‘i tashkil etilgan. Shuningdek, Olot, Jondor va Kogon tumanlari hokimliklari tomonidan ochiq muloqotlar, uchrashuvlar, matbuot konferensiyalari, seminarlar, davra suhbatlari tashkil qilingan.
Xalq deputatlari Olot, Jondor va Kogon tumanlari hokimliklari Kengashlari sessiyalarida byudjet mablag‘larining sarflanishi, “Mahalla” xayriya fondining “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasiga tushgan mablag‘larning sarflanishi kabi masalalar doimiy ravishda ko‘rib borilgan va tegishli qarorlar qabul qilingan. Barcha bayonnomalarda tumanlar hokimliklari matbuot xizmatlari rahbarlariga va mahalliy gazetalariga sessiyalarda ko‘rilgan masalalarni ommaviy axborot vositalarida keng yoritish tavsiya etilgan.
Olot, Jondor va Kogon tumanlarida “Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni ijrosini ta’minlash yuzasidan bir qator ishlar amalga oshirilgan.
Biroq, amalga oshirilgan ishlar barobarida qonun ijrosini ta’minlash borasida ayrim kamchiliklarga ham yo‘l qo‘yilgan. Jumladan, jamoatchilik Kengashlarining yig‘ilishlari va kun tartibidagi masalalar to‘g‘risidagi ma’lumot Olot tumani hokimligi veb-saytida joylashtirib borilmagan. Litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berishga vakolatli hamda xabarnomalarni qabul qiladigan organlarning Olot tumanidagi mahallalar kesimida masul xodimlar, shu jumladan, ushbu toifadagi hujjatlarni berishni tashkillashtiradigan tegishli komissiya azolari to‘g‘risidagi ma’lumotlar (familiyasi, ismi va otasini ismi, egallab turgan lavozimi) veb-saytida joylashtirilmagan.
Jondor tumani hokimligi rasmiy veb-sayti faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tegishli mablag‘lar ajratilgan bo‘lsada, bugungi kunga qadar faoliyati yo‘lga qo‘yilmagan. Hokimlik tomonidan amalga oshirilgan ishlar faqatgina hokimlikning telegramm ijtimoiy tarmog‘idagi kanalida yoritilmoqda. Byudjetdan ajratilgan mablag‘lardan va byudjetdan tashqari jamg‘armalar mablag‘laridan xarid qilinadigan tovar hamda xizmatlar bo‘yicha ma’lumotlar rasmiy veb-saytlarda joylashtirilmagan.
Rasmiy veb-sayt, ijtimoiy tarmoqlarda sahifalar mavjud bo‘lmagandan so‘ng, davlat xaridlari, ajratilayotgan byudjet mablag‘larining sarf etilishi, tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar holati, tahlili, rahbar va o‘rinbosarlarning hududdagi aholi salomatligini muhofaza qilish bo‘yicha ma’lumotlar, hisobotlar, axborotlar berilmagan hamda brifinglar tashkil qilinmagan.
Kogon tumani hokimligi apparatidagi jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi o‘rganilganda tuman rasmiy veb-saytida Kogon tumani hokimligi boshqaruv apparatining tuzilmasi sxemasi qo‘yilgan bo‘lib, murojaatlar bilan ishlash tartibi to‘g‘risidagi ma’lumotlar kiritilmagan.
Murojaatlarni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha ommaviy axborot vositalarida chiqishlar soni bor yo‘g‘i 5 tani tashkil etadi. Hokimlikda murojaatlar bilan ishlash holati borasida jamoatchilik fikrini o‘rganish uchun 4 marta tadbir o‘tkazilgan xolos. Kogon tumani hokimligida ijro intizomi va murojaatlar bo‘yicha olib borilgan ishlar yuzasidan statistik axborotlar tuman saytlarida yoritilmagan. Shuningdek, veb-saytda bo‘sh ish o‘rinlari, ishga qabul qilish shartlari va nomzodlarga qo‘yiladigan talablar haqida ma’lumotlar mavjud emasligi aniqlandi.
Sessiyada qizg‘in muhokamalardan so‘ng bildirilgan kamchilik va muammolarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli qaror qabul qilindi.
Zarif Komilov, O‘zA