Qonunni bilgan yutqazmaydi
Jizzaxda yoshlarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan amaliy ishlar izchil davom etmoqda. Ayniqsa, so‘nggi yillarda “Yangi O‘zbekiston — yangi sud” tamoyili asosida sud organlarining jamiyat bilan ochiq muloqotga kirishayotgani, fuqarolarga yaqinlashayotgani bu boradagi islohotlarning amaliy ifodasiga aylanmoqda.
Bu jarayonda yoshlar qatlamiga alohida e’tibor qaratilayotgani bejiz emas. Zero, huquqiy bilimga ega, qonun ustuvorligini anglagan avlod barqaror taraqqiyotning mustahkam poydevoridir.
Ana shunday ma’rifiy tashabbuslar doirasida Jizzax davlat pedagogika universitetida sudyalar ishtirokida navbatdagi o‘quv-amaliy dars mashg‘uloti tashkil etildi. Unda fuqarolik ishlari bo‘yicha Jizzax viloyat sudi sudyasi Luiza Xalitova talabalar bilan yuzma-yuz muloqot qilib, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlarining mazmun-mohiyati, Konstitutsiyaning ustuvor o‘rni hamda ma’muriy jarayonlarning ahamiyati haqida atroflicha tushuntirish berdi.

Dars jarayoni oddiy ma’ruza emas, balki jonli muloqot tarzida kechdi. Savol-javoblar, hayotiy misollar va amaliy vaziyatlar tahlili orqali talabalarning huquqiy tafakkurini charxlashga alohida e’tibor qaratildi. Ayniqsa, ma’muriy sudlovning fuqarolar huquqlarini himoya qilishdagi o‘rni, davlat organlari qarorlari ustidan shikoyat qilish tartibi kabi masalalar yoshlar uchun muhim bilim manbaiga aylandi.

— Bugungi kunda huquqiy bilim faqat mutaxassislar uchun emas, balki har bir fuqaro uchun zarurat, — deydi Luiza Xalitova. — Yoshlar qonunni qanchalik erta anglasa, o‘z huquq va majburiyatlarini shunchalik to‘g‘ri belgilaydi. Bunday uchrashuvlar orqali biz ularni nafaqat axborot bilan ta’minlaymiz, balki mustaqil fikrlashga, adolatni anglashga undaymiz.
Uning ta’kidlashicha, sud tizimidagi yangilanishlar, eng avvalo, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga xizmat qilmoqda. Yoshlar sudlarga murojaat qilish, o‘z huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini amalda ko‘rish imkoniga ega bo‘lmoqda. Bu esa ularda adolatga ishonchni mustahkamlaydi.

Huquqiy ongni shakllantirish ta’limdan boshlanadi. Oila, maktab, oliy ta’lim muassasalari va jamiyat — barchasi bir zanjirning uzviy halqalaridir. Ushbu tizim uyg‘un ishlagan taqdirda, samara ham shunga yarasha yuksak bo‘ladi.
Darhaqiqat, bunday muloqotlar yoshlarning nafaqat bilim doirasini kengaytiradi, balki ularni faol fuqarolik pozitsiyasiga ega bo‘lishga undaydi.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA