Qonunlarni ko‘rib chiqish muddatiga zarurat bormi?
-
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 99-moddasiga ko‘ra, Qonun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan oltmish kun ichida ko‘rib chiqilishi, agar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qonunni ma’qullash yoki rad etish to‘g‘risida oltmish kun ichida qaror qabul qilmasa, Qonunchilik palatasi tomonidan qonun imzolanishi va e’lon qilinishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga yuborilishi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qonunni oltmish kun ichida imzolashi va e’lon qilishi kabi muhim qoidalar mustahkamlanmoqda.
Oliy Majlis Senati tomonidan aniq muddatlarda qonunlarni ko‘rib chiqish masalasi qonunchilik jarayonidagi turli salbiy holatlarning oldini olishga, qonunlarning o‘z vaqtida qabul qilinishiga xizmat qiladi. bugungi kunda faol islohotlar amalga oshirilayotganligi munosabati bilan Prezident imzolashi uchun ko‘plab qonunlar kelib tushmoqda, bu esa ularni «ma’ruza»ga tayyorlash va Davlat rahbari tomonidan ko‘rib chiqish uchun ancha vaqt talab etadi. Bundan tashqari, bugungi kunda imzolash uchun nomuvofiq deb topilgan qonunlarni imzolashni keyinga qoldirish borasida muayyan zarurat mavjudligiga ham e’tiborni qaratish lozim .
Davlat rahbari tomonidan, 2022 yil 20 dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga, O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida, parlamentimizning ish uslubini yaxshilash va faoliyat samaradorligini oshirish ham Konstitutsiyamizda o‘z aksini topishi zarurligiga alohida e’tibor qaratgan edi. Shu maqsadda ham hozirgi globallashuv, yangilanishlar jarayonida parlamentning rolini kuchaytirish, ish samaradorligini oshirish masalasi nihoyatda dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.
Hammamizga ma’lumki, parlament xalqga eng yaqin va uning oldida mas’ul bo‘lgan muhim siyosiy institutdir. Oliy Majlisda jamiyat va davlatni boshqaradigan, xalq manfaatlariga xizmat qiladigan qonunlar qabul qilinadi. Shunday ekan, Oliy Majlis palatalarining qonunlar qabul qilish jarayonidagi faoliyat mexanizmlarini aniqlashtirish, qonunchilik muddatlarini belgilash muhim ahamiyat kasb etadi. Jumladan, Oliy Majlis Senatining qonunlarni ko‘rib chiqish jarayonidagi muddatlarni aniq belgilash o‘ziga xos ahamiyatga ega.
E’tibor qaratadigan bo‘lsak, xorijiy mamlakatlarda parlamentning Yuqori palatasi tomonidan qonunlarni ko‘rib chiqish muddatlari aniq belgilab qo‘yilgan. Xususan, Quyi palata tomonidan qabul qilingan qonunlarni yuqori palata Irlandiyada - 21 kunda, Chexiya, Polsha va Yaponiyada – 30 kunda, Qozog‘istonda - 60 kunda, Rossiyada -14 kunda ko‘rib chiqmasa, qonun yuqori palata tomonidan ma’qullangan hisoblanadi, deb belgilab qo‘yilgan.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar natijasida, Oliy Majlis Senatining qonunchilik jarayonidagi faoliyatini yanada takomillashtirish davr talabidir. Oliy Majlis Senati tomonidan qonunlarni ko‘rib chiqish muddatininig aniq belgilanishi, Prezident tomonidan yetarli muddatlarda qonunlarni ko‘rib chiqishi va imzolanishi qonunlarning yanada sifatli tayyorlanishini ta’minlaydi, shuningdek, qonunlarni imzolashning “konstitutsiyaviy muddatlari” ning ehtimoliy buzilishining oldini oladi.
Sherzod Zulfiqorov,
O‘zbekiston Respublikasi
Jamoat xavfsizligi universiteti
professori, ekspert guruhi a’zosi
O‘zA