Qonunchilikka kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar
Andijonda O‘simliklar karantini va himoyasi sohasidagi qonun hujjatlariga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar, ularning mazmun-mohiyati targ‘ibotiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Andijon viloyati O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi mutasaddilari, tuman, shahar bo‘limlari inspektorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devonining Andijon viloyatida faoliyat ko‘rsatuvchi xodimlari ishtirokida seminar tashkil etildi. Unda mutaxassislar tomonidan joriy yil 11 yanvardagi «O‘simliklar karantini va himoyasi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida» gi hamda «O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining tegishli 245-245-8-moddalariga o‘zgartirishlar kiritish haqida» gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining mazmun-mohiyati, ularda belgilangan tartiblar to‘g‘risida keng tushuntirish berildi.

– Qonunchiligimizdagi o‘simliklar himoyasi va karantini sohasiga oid o‘zgartish va qo‘shimchalar shubhasiz, soha ishini yanada yuqori bosqichga ko‘taradi, qolaversa, bugungi kunda yuzaga kelayotgan qator muammolarni bartaraf etishga xizmat qiladi, – deydi Andijon viloyati O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi boshlig‘i Akmaljon Jo‘rayev. – Shu ma’noda soha mutaxassislarining ana shu o‘zgarishlar, ularning mazmun-mohiyati bo‘yicha bilim va tushunchalarini boyitish faoliyatimiz samaradorligini oshirishga yordam beradi.
Seminar ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutaxassis va mutasaddilardan batafsil javob oldi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat),
O‘zA