Qonun mazmun-mohiyati tushuntirildi
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona viloyatida “Sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminarda sudyalar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari, advokatlar va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Tadbirda Oliy sud raisi o‘rinbosari Ikrom Muslimov Prezidentimiz tomonidan joriy yilning 27 sentyabrida imzolagan mazkur qonun bilan fuqarolarga qator imkoniyat va yengilliklar yaratilayotgani haqida so‘z yuritdi.
[gallery-14314]
Milliy qonunchiligimizga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga ko‘ra, endilikda sudlar tomonidan birinchi instansiyada ko‘rilgan ishlarni viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarda apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida qayta ko‘rib chiqish vakolati berilmoqda.
Taraflarning xohishiga ko‘ra, sud qarori ustidan o‘n kunlik muddatda apellyatsiya tartibida shikoyat (protest) berilishi, ushbu muddat o‘tgandan so‘ng kassatsiya tartibida shikoyat keltirilishi mumkin. Bu tartib taraflarning sud qarorlari ustidan shikoyat keltirish huquqi orqali odil sudlovga erishish imkoniyatini kengaytirishga xizmat qiladi.
Apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasining qarori ustidan shikoyat berish masalasida yangi institut – sud ishlarini taftish tartibida ko‘rib chiqish amaliyoti joriy etilayotgani ham ahamiyatlidir.
Yana bir jihati, jinoyat ishini kassatsiya va taftish tartibida ko‘rish natijalari yuzasidan yangi oqlov yoki ayblov hukmi chiqarish vakolatlari berilmoqda. Bu o‘z navbatida, sud qarorlarining yuqori instansiya tomonidan bekor qilinib, yangidan ko‘rish uchun quyi instansiya sudlariga qaytarish amaliyotiga chek qo‘yadi va fuqarolar ortiqcha sarsongarchiligining oldi olinadi. Qonunchiligimizdagi bu o‘zgarishlar 2024 yil 1 yanvardan kuchga kiradi.
Seminar davomida qonun mazmun-mohiyati eski va yangi joriy etilayotgan amaliyotlar misolida, aniq misollar bilan tushuntirib o‘tildi.
Shuningdek, tadbirda huquq-tartibot organlari hamda jamoatchilik vakillarining fikrlari eshitilib, ishtirokchilarni qiziqtirgan savollariga batafsil javob berildi.
Muqimjon QODIROV(surat),O‘zA