Qonun loyihasi muhokamada
Termiz shahri va Termiz tumanida «Inson a’zolari va to‘qimalari transplantatsiyasi to‘g‘risida»gi qonun loyihasiga bag‘ishlangan davra suhbatlari o‘tkazildi.
Mazkur qonun loyihasini takomillashtirish bo‘yicha tuzilgan ishchi guruhi a’zolari tomonidan o‘tkazilgan tadbirlarda so‘nggi yillarda mamlakatimizda organlar transplantatsiyasiga alohida e’tibor qaratilayotgani va huquqiy-tashkiliy asoslari yaratilayotgani xususida so‘z yuritildi. Qonun loyihasining mazmun-mohiyati haqida atroflicha tushunchalar berildi.
Qayd etildiki, ayni paytda mamlakatimizda organlar va to‘qimalar transplantatsiyasiga ehtiyoj sezib turganlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Sayyoramizning ko‘plab davlatlarida buyrak, jigar, yurak, o‘pka kabi organlar transplantatsiyasi amalga oshirilib, bemorlar hayoti saqlab qolinmoqda. Shu bois ayrim bemorlar katta mablag‘ evaziga xorijda ushbu jarrohlik amaliyotini o‘tkazishga majbur bo‘layotgan edi. Biroq, bunga muhtoj barcha bemorlarda imkoniyat va mablag‘ yetarli emasligi ham sir emas. Keyingi yillarda sog‘liqni saqlash sohasiga qaratilayotgan yuksak e’tibor transplantatsiya amaliyotini mamlakatimiz shifoxonalarida o‘tkazish uchun keng imkoniyat yaratdi. «Inson a’zolari va to‘qimalari transplantatsiyasi to‘g‘risida»gi qonun yurtimizda yuzaga kelgan ehtiyoj o‘rganilgan holda bu amaliyotni huquqiy tartibga solish uchun ishlab chiqildi.
Mutaxassislardan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda Surxondaryo viloyatida 106 bemor buyrak transplantatsiyasi amaliyotiga muhtoj. Shuningdek, jigar transplantatsiyasi amaliyotiga ehtiyoj sezayotganlar ham bundan kam emas.
Tadbirlarda tajribali mutaxassislar, ekspertlar va soha xodimlari qonun loyihasidagi normalar hamda kiritilayotgan yangiliklarni tushuntirdi. Ishtirokchilarning taklif va tavsiyalari tinglandi. Transplantologiya sohasini rivojlantirish masalalari yuzasidan so‘rovnomalar o‘tkazildi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Sog‘liqni saqlash vazirligi vakillaridan iborat ishchi guruhning viloyat tumanlarida «Inson a’zolari va to‘qimalari transplantatsiyasi to‘g‘risida»gi qonun loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan tadbirlar davom etmoqda.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA