Namangan viloyatida chet el investitsiyasi ishtirokidagi 97 korxona faoliyat ko‘rsatmoqda
Namanganda O‘zbekiston Respublikasining “Chet el investitsiyalari to‘g‘risida”gi qonuni ijrosi muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Namanganda O‘zbekiston Respublikasining “Chet el investitsiyalari to‘g‘risida”gi qonuni ijrosi muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasining 2016-yilga belgilangan qonunchilik va nazorat-tahlil faoliyati rejasi asosida o‘tkazilgan yig‘ilishda mazkur qo‘mita a’zolari, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari, tegishli boshqarma va tashkilotlar, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar rahbarlari qatnashdi.
Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi raisi A.Jalilov va boshqalar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar jarayonida qulay investitsiya muhiti yaratishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. O‘zbekiston Respublikasining “Chet el investitsiyalari to‘g‘risida”gi qonuni bu borada muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Namangan viloyatida ham ushbu qonun ijrosi doirasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda viloyatda chet el investitsiyasi ishtirokidagi 97 korxona faoliyat ko‘rsatayotir. Ular tomonidan yilning o‘tgan to‘qqiz oyida 150 milliard so‘mlikdan ziyod mahsulot ishlab chiqarildi va 44 million 300 ming dollarlik eksport amaliyoti bajarildi.
Investitsiya hajmini ko‘paytirish maqsadida ishlab chiqilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish dasturiga asosan 14 million 600 ming dollar miqdorida xorijiy investitsiya kiritildi. Jumladan, viloyatdagi “Verigrow ipagi” xorijiy korxonasiga ipak mahsulotlar ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish uchun 150 ming dollar, “Exam Energe” qo‘shma korxonasiga akkumulyator ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish loyihasi uchun 400 ming dollar, “Chartak resort” qo‘shma korxonasiga sog‘lomlashtirish maskanini tashkil etish loyihasi uchun 5 million 500 ming dollar miqdorida xorijiy investitsiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri jalb etildi.
Joriy yilning o‘tgan davrida viloyatda Shveytsariya, Niderlandiya, Singapur va Rossiya investorlari hamkorligida yengil sanoat, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash, metallkonstruksiya ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarida 6 yangi qo‘shma korxona tashkil etildi.
Yig‘ilishda nazorat-tahlil ishlari natijasida aniqlangan ayrim kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilandi.