Qo‘mondon boshchiligidagi ishchi guruh Buxoroda
Mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilib kelinmoqda. Milliy gvardiya qo‘mondoni general-mayor R.Djurayev boshchiligidagi ishchi guruh Buxoro viloyatida bu boradagi amaliy ishlarning natijadorligini o‘rganish yuzasidan o‘z faoliyatini boshladi.
Buxoro viloyati bo‘yicha Milliy gvardiyaning Qo‘riqlash boshqarmasida hamkor vazirlik va tashkilotlar mas’ullari hamda viloyat hokimi B.Zaripov ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda qo‘mondon tomonidan ishchi guruhning asosiy maqsadi va faoliyati tanishtirdi. O‘z navbatida viloyat hokimi ham topshiriqlar yuzasidan zarur ko‘rsatmalar berdi.

Shuningdek, viloyatning har bir tuman va mahallalariga Milliy gvardiya, ichki ishlar organlari, prokuratura, hokimiyat hamda aloqador tashkilotlarning mas’ullari biriktirildi. Shundan so‘ng Milliy gvardiya qo‘mondoni boshchiligidagi ishchi guruhning manzilli ishlari Buxoro va Kogon shaharlari, shuningdek, Buxoro tumanlarida davom etdi.
“Mahalla yettiligi” va sektor rahbarlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda, jinoyat sodir etilgan har bir mahallarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, mahallalar kesimida manzilli chora-tadbirlar belgilangan holda mahalla-tuman-viloyat darajasida uning ijrosi uchun bevosita mas’ul rahbarlarni biriktirish va aniq sohaviy javobgarlikni yuklash, ilmiy-amaliy yondashuvlar asosida joylarga chiqqan holda maqsadli o‘rganishlarni o‘tkazish orqali huquqbuzarliklarga sabab bo‘layotgan asl omillarni aniqlash va barham berish bo‘yicha tashkiliy-huquqiy choralarni ko‘rish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Shuningdek, Prezidentning “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor maqsadlarga erishish, O‘zbekiston Respublikasining “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”gi Qonuni hamda Jamoat xavfsizligi konsepsiyasida belgilangan ustuvor vazifalarning amaliy ijrosini ta’minlash bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri