Qo‘lbosti tajribasi o‘rganildi
Davlatimiz rahbarining 15-16 aprel kunlari Samarqand viloyatiga tashrifi chog‘ida bergan topshiriqlari hamda yaqinda qabul qilingan “Samarqand viloyatida eksperiment tariqasida mahallabay ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida 2021 yil 1 iyundan boshlab Samarqand viloyati tuman (shahar) hokimliklari tuzilmasida “mahallabay” ishlash tizimi eksperiment tariqasida o‘tkazishga kirishiladi.
Ayni paytda tuman va shaharlarda mazkur yangi tizimni joriy etishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Jomboy tumanida o‘tkazilgan “mahallabay” ishlashni tizimli tashkil etish hamda aholiga xizmat ko‘rsatish sohasini yanada rivojlantirish mavzuidagi seminarda Qo‘lbosti mahallasi misolida mazkur hududda amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi.
Tuman va shahar hokimliklari iqtisodiy, investitsiya va qurilish kompleksi xodimlari, ichki ishlar tizimi vakillari qatnashgan tadbirda viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari J.O‘roqov mahallada xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish borasida erishilgan natijalar, yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarga to‘xtaldi. O‘z taklif-mulohazalarini bildirdi.

Jomboy tumani hokimi Qayum Sobirov esa band bo‘lmagan aholi qatlamini qo‘llab-quvvatlash orqali tarmoqni rivojlantirish bo‘yicha Qo‘lbosti tajribasini so‘zlab berdi.
– Xizmat ko‘rsatish tarmoqlarining 21 toifasi ajratib chiqilib, shundan 13 tasi mahallada yo‘lga qo‘yildi, – dedi Q.Sobirov. – Sartaroshxona, go‘zallik saloni, savdo do‘konlari aholiga xizmat ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari, 30 nafarga yaqin fuqaroning bandligi ham ta’minlandi. Mazkur tizimni boshqa mahallalarda ham amalga oshiryapmiz.

Seminarda mahalla aholisi tomonidan uy sharoitida yo‘lga qo‘yilgan ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanish, parrandachilikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.
Ishtirokchilar hududda istiqomat qiluvchi 500 nafarga yaqin aholi bandligi ta’minlangan “Maroqand meva-sabzavot” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan ham yaqindan tanishishdi.

G‘.HASANOV, O‘zA