Qiziltepada g‘alladan mo‘l hosil yetishtirildi
Navoiy viloyati Qiziltepa tumanining O‘rtacho‘l hududida yaxshi niyat va yuqori kayfiyatda joriy yilgi g‘alla o‘rimi mavsumi boshlandi.
Tumandagi 275 ta fermer xo‘jaligining 11,7 ming gektar maydonida g‘alla parvarishlandi. G‘alla hosilini o‘z vaqtida sifatli o‘rib-yig‘ib olish maqsadida 35 ta otryad tashkil etilib, o‘rim jarayonlariga 35 ta o‘rim kombayni jalb qilingan.
Volodya Ma’murov rahbarligidagi “Ostona bobo” fermer xo‘jaligi shiyponida erta tongdan qishloq xo‘jaligi texnikalari, qiziltepalik fermerlar yetishtirgan mahsulotlar, chorva mollari va parrandalar, umuman, tumanning qishloq xo‘jaligi sohasidagi erishilgan yutuqlarini o‘zida aks ettirgan mahsulotlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Hududdagi barcha fermerlar, tuman va viloyatning sohaga mas’ullari, sektor rahbarlari, nuroniy otaxonlar ishtirokidagi seminarda viloyat hokimi Normat Tursunov so‘zga chiqib, barcha fermerlarning xirmoniga baraka tiladi, donni uvol qilmay o‘z vaqtida va sifatli o‘rib olish lozimligi, u xalqimizning rizq-ro‘zi ekanligini alohida ta’kidladi.
– Har yili viloyatda Qiziltepa tumanining O‘rta cho‘l hududida birinchilardan bo‘lib g‘alla o‘rim-yig‘imiga kirishiladi, – deydi “Ostona bobo” fermer xo‘jaligi raisi Volodya Ma’murov. – Bu yil 74,7 gektar maydonda g‘alla yetishtirganmiz. Garchi bahor ancha noqulay, seryog‘in kelgan bo‘lsa-da, barcha agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida olib borganimiz tufayli dalalarda mo‘l hosil yetishtirilgan. Maqsadimiz uning bir misqolini ham qoldirmasdan yig‘ishtirib olishdir.
[gallery-17740]
Joriy yilning mart oyida qiziltepalik fermerlarga 110 dan ortiq turli rusumdagi qishloq xo‘jaligi texnikalari topshirilgan edi. Ularning orasida 8 ta o‘rim kombayni ham bor.
“Valiobod” fermer xo‘jaligi esa nafaqat tuman va viloyatda, balki respublikada ham ilg‘or xo‘jaliklardan biri sanaladi. Unga “El-yurt hurmati” ordeni sohibasi Ra’no Valiyeva rahbarlik qiladi.
Mazkur fermer xo‘jaligi har yili g‘alla va paxtachilikda birinchilardan bo‘lib belgilangan rejani ortig‘i bilan bajaradi.
– Joriy yil hosili uchun 46 gektar maydonga bug‘doyning “Asr” navini ekib parvarishladik, – deydi R.Valiyeva. – Dalada yetishtirilgan hosilimiz cho‘g‘iga qaraganda kamida 80-90 sentnerdan bug‘doy olish niyatidamiz. Daromadimiz ham shunga yarasha bo‘ladi. Omborimizga to‘kilgan donning bir qismini ishchilarimizga tarqatamiz.
Albatta, rizq-ro‘zimiz bo‘lgan bug‘doyni isrof qilmasdan yig‘ishtirib olishda dalalarda mehnat qilayotgan dehqonlar, fermerlar, kombaynchilar va bu jarayonga mas’ul bo‘lgan boshqa mutasaddilarning alohida xizmati bor. Zero, ularning bugungi mashaqqatli mehnati ertangi farovon turmushimiz va dasturxonimiz to‘kinligini ta’minlaydi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari