Qishloqlarda yangi maktablar qad rostlamoqda
Buxoro viloyati Kogon tumani xalq ta’limi bo‘limi tasarrufidagi umumta’lim maktablarida 2021 yil investitsiya va “Obod qishloq” dasturi asosida ta’mirlash-tiklash ishlari amalga oshirilmoqda.
Qurilish tiklash ishlari Kogon tumani Xalq qabulxonasi tomonidan nazoratga olingan bo‘lib, kunlik ishlar monitoringi olib borilmoqda.
[gallery-3372]
–Tumanda joriy yil Investitsiya dasturi asosida 15-umumiy o‘rta ta’lim maktabida 4 milliard 55 million. so‘mlik mukammal ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Ayni paytda binoning fasad qismi to‘liq ta’mirdan chiqarildi, – deydi Kogon tumani Xalq qabulxonasi mudiri S.Mirzayev. –Derazalari akfa plast romblariga almashtirildi. Maktabning kirish qismi, zal va sinf xonalarida pardozlash ishlari davom etmoqda. 330 o‘rinli o‘quv binosi qurish ishlari bo‘yicha hozirda 1-qavat tom qismi plitalar bilan qoplandi. 2-qavatda g‘isht terish ishlari amalga oshirilmoqda. Shuningdek, 2021 yilda “Obod qishloq” dasturi asosida tumandagi 15-umumiy o‘rta ta’lim maktabida 12x24 hajmda sportzal qurilmoqda.
Tumandagi 21- umumiy o‘rta ta’lim maktabining 650 o‘rinli o‘quv binosida mukammal ta’mirlash ishlari avjida.
Zarif Komilov,
Tohir Istatov (surat), O‘zA