Qishloqlarda koʻchma yarmarkalar
Namangan viloyatining shahar va qishloqlarida bozorlardan va doʻkonlardan olis mahallalarda oziq ovqat va qishloq xoʻjaligi yarmarkalari xizmati yoʻlga qoʻyildi.
El boshiga ish tushganda
Pop tumani hokimligi, tuman prokuraturasi, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Pop tuman boʻlimi, tuman Davlat soliq inspeksiyasi hamda “Pop Baraka bozor” masʼuliyati cheklangan jamiyati hamkorligida tumanning borish qiyin boʻlgan olis hududlarida tashkil qilingan shunday tadbirda Guliston va Yuqori Chodakboshi mahallalari aholisi uyi ostonasida oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini arzon narxlarda sotib olish imkoniyatiga ega boʻldi.
Yarmarkada 700 kilogramm kartoshka ( 3000 soʻmdan), 500 kilogramm piyoz (2000 soʻmdan) 1,5 tonna sabzi (1000 soʻmdan), 200 kilogram guruch (6000 soʻmdan), 150 kilogramm shakar (5500 soʻmdan), 220 dona 5 litrli yogʻ ( 38 500 soʻmdan) va 100 kiloramm goʻsht (42 000 soʻmdan) sotildi.
–Tumandagi mavjud 77 mahallada koʻchma savdo yarmarkasi tashkil etilmoqda, — deydi “Pop baraka bozor” MCHJ taʼsischisi, xalq deputatlari viloyat kengashi deputati S.Rahmonov. – Prezidentimiz 2020-yil 3-aprel kuni oʻtkazgan videoselektorda aholini zarur isteʼmol tovarlari, oziq-ovqat, dori va gigiyena mahsulotlari bilan taʼminlash masalasiga yana bir bor eʼtibor qaratildi. Bu borada dehqon bozori va ulardagi “Elga xizmat” korxonalarini jalb etgan holda mahallalarda soddalashtirilgan koʻchma savdoni yoʻlga qoʻyish choralari boʻyicha topshiriqlar berildi. Shuningdek, bugungi murakkab vaziyatda tadbirkorlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash qaratilayotgan eʼtibor ham bizni bundan koʻproq ezgu ishlarga undaydi va biz mashʼum kasallikka qarshi kurashda oʻzaro mehr oqibat, fidoyilik, hamjihatlik bilan xayrli ishlarimizni davom ettiramiz.