Qishloq xo‘jaligida qonuniylik va sifat ustuvor
Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi sohasini izchil rivojlantirish, yer va resurslardan samarali foydalanish hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu borada Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan tizimli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
2025-yil davomida qishloq xo‘jaligida qonuniylikni ta’minlash maqsadida keng ko‘lamli nazorat tadbirlari o‘tkazilib, qonunbuzilish holatlari aniqlandi. Xususan, yil davomida 117 mingdan ortiq nazorat tadbirlari amalga oshirilgani sohada nazorat qamrovi kengayganini ko‘rsatadi. Aniqlangan holatlar yuzasidan ma’muriy choralar ko‘rilib, profilaktika ishlari izchil davom ettirildi.
Yer resurslaridan samarali foydalanish ustidan nazorat kuchaytirilib, ayniqsa, noqonuniy egallash va qurilish holatlari ko‘p uchragani qayd etildi. Natijada yuzlab gektar qishloq xo‘jaligi yerlarida qonunbuzilishlar aniqlanib, aybdor shaxslarga nisbatan 259,2 milliard so‘m miqdorida zarar hisoblangani bu boradagi mas’uliyatni yanada oshiradi.

Zamonaviy texnologiyalar, jumladan, kosmik monitoring tizimi joriy etilishi esa qonunbuzilishlarni tezkor aniqlash imkonini bermoqda.
– Yer resurslaridan foydalanish ustidan nazorat tizimli ravishda kuchaytirilmoqda, – deydi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Valijon Hasanov. – Xususan, zamonaviy monitoring tizimlari orqali qonunbuzilish holatlari tezkor aniqlanib, har bir holat joyida o‘rganilmoqda. Bu yerlardan noqonuniy foydalanishning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Urug‘chilik sohasida ham qat’iy nazorat o‘rnatilib, sifatsiz urug‘liklar tarqalishining oldi olindi. Bir qator xo‘jaliklar urug‘lik yetishtirish huquqidan mahrum etildi, agrotexnik talablarga javob bermagan maydonlar esa urug‘lik hisobidan chiqarildi.
Shuningdek, don va uni qayta ishlash mahsulotlari sohasida ham tizimli nazorat amalga oshirilib, mahsulotlar sifat jihatidan tekshirildi. Import mahsulotlar ham laboratoriya tahlillaridan o‘tkazilib, ichki bozorga sifatli mahsulotlar chiqarilishi ta’minlandi.

Arbitraj guruhlari orqali don va paxta qabul qilish jarayonlarida yuzaga kelgan nizolarning aksariyati fermerlar foydasiga hal etildi. Bu esa ishlab chiqaruvchilar manfaatlarini himoya qilishda muhim omil bo‘ldi.
Ichki bozorni sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash maqsadida un va yog‘-moy korxonalarida ham o‘rganishlar o‘tkazilib, aniqlangan kamchiliklar bartaraf etildi.
Raqamlashtirish jarayonlari esa sohada yangi bosqichni boshlab berdi. Bir qator vazirlik va idoralar bilan axborot tizimlari integratsiya qilinib, davlat xizmatlari elektron shaklga o‘tkazilmoqda.
– Inspeksiya tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar nafaqat nazoratni, balki tizimli profilaktikani ham qamrab olmoqda, – deydi Valijon Hasanov. – Bu esa qishloq xo‘jaligida qonuniylikni ta’minlash, mahsulot sifati va samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan kompleks chora-tadbirlar qishloq xo‘jaligida qonuniylikni mustahkamlash, mahsulot sifati va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Nilufar Bozorova, O‘zA