Qishloq maktabidan jahon chempionatiga
Birinchi Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan yurtimizda har yili ko‘plab muhtasham sport inshootlari, musiqa va san’at maktablari bunyod etilmoqda, zamonaviy jihozlanmoqda.
Birinchi Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan yurtimizda har yili ko‘plab muhtasham sport inshootlari, musiqa va san’at maktablari bunyod etilmoqda, zamonaviy jihozlanmoqda.Buni Jizzax viloyati G‘allaorol tumanidagi bolalar va o‘smirlar sport maktabi misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin.
Joriy yilda respublika manzilli dasturiga muvofiq, tuman bolalar va o‘smirlar sport maktabi uchun TIP-2 yangi binosi qurilishi muassasa imkoniyatlarini yanada kengaytirdi. Jamg‘arma tomonidan 2 milliard 400 million so‘m mablag‘ sarflangan zamonaviy inshootda o‘quvchilar uchun barcha sharoit yaratilgan.
– Maktabimiz zarur sport inventarlari bilan to‘liq jihozlangan, – deydi G‘allaorol tumanidagi bolalar va o‘smirlar sport maktabi direktori Akmal Aliqulov. – Ilgari moslashtirilgan binoda sportning to‘qqiz turi bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazilgan bo‘lsa, endi ularning turi 15 taga yetdi. Bu davlatimiz tomonidan yoshlarni har tomonlama barkamol etib tarbiyalashga qaratilayotgan ulkan g‘amxo‘rlik samarasidir.
Maktabda 1 ming 830 ga yaqin bola, jumladan, 520 nafar qizga 60 dan ziyod murabbiy sport sirlarini o‘rgatmoqda. Sport bilan shug‘ullanuvchilar soni ko‘paygani sayin erishilayotgan yutuqlar salmog‘i ham ortib bormoqda. Masalan, maktab o‘quvchilari joriy yilda o‘tkazilgan viloyat va mamlakat miqyosidagi 20, xalqaro miqyosdagi 5 musobaqada muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Ayniqsa, sportning basketbol, futbol, gimnastika, boks, taekvondo kabi turlaridan yaxshi natijalarga erishildi. Qozog‘istonda o‘tkazilgan boks bo‘yicha xalqaro turnirda maktab o‘quvchisi, O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi a’zosi Samandar Xolmurodov 46 kilogramm vazn toifasida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Sardor Ashirov 2000-2001-yillarda tug‘ilgan o‘smirlar o‘rtasida boks bo‘yicha Toshkent viloyatida tashkil etilgan xalqaro turnirda 42 kilogramm vazn toifasida g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi. Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi va O‘zbekiston taekvondo (WTF) assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda taekvondo bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan chempionatda Shohista Quvondiqova va Zulayho Yusupova sovrindorlar qatoridan joy oldi. Iyun oyida taekvondo WTF bo‘yicha kattalar, yoshlar va o‘smirlar o‘rtasida “Alpomish – XII” kubogi sovrini uchun o‘tkazilgan mamlakat ochiq chempionatida maktab o‘quvchilari 2 kumush va 3 bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Maktab o‘quvchilari jamoasi “Futbol g‘unchalari” respublika musobaqasida uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. Mustaqilligimizning 25-yilligiga bag‘ishlab “Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim!” shiori ostida 2005-2006-yillarda tug‘ilgan o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan futbol bo‘yicha mamlakat turnirida maktab jamoasi barcha raqiblaridan ustun keldi. Jizzaxda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston chempionatida maktabning basketbolchi qizlari ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Mazkur maktab murabbiylarining nufuzli xalqaro musobaqalarni boshqarishga taklif qilinayotgani ham ularning mahoratidan dalolat beradi. Masalan, boks bo‘yicha murabbiy, xalqaro toifadagi hakam Sherzod Ahmedov mamlakat va qit’a miqyosidagi musobaqalarni boshqarishga jalb etilmoqda.