Qishloq joylarni kompleks rivojlantirish: 157 ta mahallada inklyuziv rejalashtirish bo‘yicha treninglar o‘tkazilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 28-martdagi “Islom taraqqiyot banki ishtirokida «Qishloq joylarni kompleks rivojlantirish» (2-bosqich) loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida 157 ta mahallada inklyuziv rejalashtirish bo‘yicha treninglar boshlandi.
Ushbu treninglar O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Islom taraqqiyot banki hamda BMT Taraqqiyot Dasturi tomonidan “Mahalla fuqarolar yig‘ini uchun inklyuziv rejalashtirish va rivojlanish” mavzusida o‘tkazilmoqda.
Loyihadan ko‘zlangan bosh maqsad — mahalla aholisining faol ishtirokini ta’minlagan holda hududlarni rivojlantirish rejalarini ishlab chiqish, qishloq infratuzilmasini yaxshilash orqali aholining iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, sog‘liqni saqlash darajasini oshirish va iqlim o‘zgarishi ta’sirini kamaytirishdan iborat.

Loyiha doirasida Qashqadaryo, Samarqand va Surxondaryo viloyatlaridagi 157 ta mahallada mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, ijtimoiy xodim, soliq inspektorlari hamda mahallaning tashabbuskor guruh a’zolari (ayollar, yoshlar va ijtimoiy guruh vakillari) qamrab olindi. Uchta viloyat bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlariga jami 1 643 nafar ishtirokchi jalb etilgan bo‘lib, ularning 461 nafarini xotin-qizlar tashkil etdi. Ishtirokchilar tomonidan mahallalar rivojlanishiga qaratilgan jami 485 ta ijtimoiy loyiha ishlab chiqildi va ular xalqaro hamda mahalliy tashkilotlarga taqdim etiladi.
Hududlar kesimida aytadigan bo‘lsak, Qashqadaryo viloyatining G‘uzor, Qamashi, Kitob, Shahrisabz, Yakkabog‘, Dehqonobod tumanlaridagi 45 ta mahallada treninglar tashkil etilib, unga 487 nafar ishtirokchi jalb etildi. Shulardan 237 nafari MFY xodimlari va 250 nafari tashabbuskor guruh a’zolari bo‘lib, qatnashchilarning 132 nafari ayollardir. Treninglar davomida voha mahallalarini rivojlantirishga qaratilgan 134 ta ijtimoiy loyiha ishlab chiqildi. Ushbu tashabbuslar zamonaviy ko‘p funksiyali sport maydonchalari, mahalla kutubxonalari va sog‘lomlashtirish markazlarini tashkil etish, ichki ko‘chalarga yoritish chiroqlarini o‘rnatish, ariqlar qazish hamda boshqa dolzarb infratuzilmaviy masalalarni hal etishni nazarda tutadi.
Samarqand viloyatining Bulung‘ur, Jomboy, Ishtixon, Kattaqo‘rg‘on, Narpay, Oqdaryo, Paxtachi, Samarqand, Toyloq hamda Urgut tumanlarining 52 ta mahalla fuqarolar yig‘inida o‘tkazilgan treninglarda 545 nafar ishtirokchi qamrab olindi. Ularning 290 nafari MFY xodimlari, 255 nafari esa tashabbuskor guruh a’zolari bo‘lsa, 154 nafarini xotin-qizlar tashkil qildi. Samarqandlik ishtirokchilar tomonidan mahalla hududida aqlli bekat, «Yoshlar bog‘i», sport va bolalar maydonchalari, piyodalar yo‘lakchalarini tashkil etish, mahallani xavfsiz hududga aylantirish hamda IT markazini ochish kabi 172 ta ijtimoiy loyiha tayyorlandi.

Surxondaryo viloyatining Termiz, Angor, Muzrabot, Sherobod, Boysun tumanlaridagi 60 ta mahallada o‘tkazilgan treninglarga jami 611 nafar ishtirokchi jalb etildi. Shundan 314 nafari MFY xodimlari, 297 nafari esa tashabbuskor guruh a’zolaridir. Ishtirokchilarning 175 nafarini ayollar tashkil etdi. Vohaning faol qatnashchilari tomonidan mahallalar rivojiga qaratilgan 150 ta ijtimoiy loyiha ishlab chiqildi.
Shu bilan birga, treninglar davomida MFY xodimlari va mahalla tashabbuskor guruh a’zolari mahalla byudjeti mablag‘laridan maqsadli foydalanish va 10 foizlik soliq mablag‘larini to‘g‘ri yo‘naltirish, mahalla faoliyati ish rejasini qisqa va uzoq muddatli rejalashtirish, fandrayzing, jamoatchilik ishtirokida monitoring qilish va baholash bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirdi.
O‘tkazilgan treninglar ishtirokchilarda katta qiziqish va mamnuniyat uyg‘otdi. Ayniqsa, mahalla rivoji uchun loyihalar orqali amaliy harakat qilish imkoniyati mavjudligi, shuningdek, ilgari bilmagan loyiha yozish ko‘nikmalarini o‘zlashtirganliklari qatnashchilarda yangi tashabbus va ishtiyoqni kuchaytirdi. Trening davomida olingan bilim va ko‘nikmalar asosida ishtirokchilar bugungi kunda Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, aholi uchun munosib va qulay yashash sharoitlarini yaratish, bandlikni ta’minlash, ekologik muammolarni bartaraf etish, sport maydonchalari va kutubxonalarni tashkil etish, ta’lim va sog‘lomlashtirish kabi yo‘nalishlarni rivojlantirishga qaratilgan davlat grantlari tanlovlarida ishtirok etish uchun loyiha arizalarini faol tayyorlab, taqdim etmoqda.
Mohigul Qosimova, O‘zA