Qishloq aholisining uzog‘i yaqin bo‘ldi
Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumani “O‘rikzor” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi Robot qishlog‘i aholisi o‘z yashash hududidan 18-20 chaqirim uzoqlikda joylashgan "O‘zbekiston" mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 23-oilaviy poliklinikaga qatnar edi.

Prezidentimizning faoliyati to‘xtatilgan poliklinikalar ishini qayta yo‘lga qo‘yish, aholiga namunali tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimini joriy etish yuzasidan soha xodimlariga bergan ko‘rsatmasi va tavsiyasi asosida O‘rikzor mahallasidagi "Robot" oilaviy shifokorlik punkti faoliyati yo‘lga quyildi. Buning uchun davlat byudjetidan qariyb 600 million so‘m mablag‘ ajratildi. Ushbu yumushlar "Shohruh shohruza versal" mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan belgilangan muddatda nihoyasiga yetkazildi.

– Ahamiyatli tomoni O‘rikzorliklar yog‘ingarchilik kunlarida ovora-yu, sarson bo‘lib, o‘z yashash hududlaridan ancha olisda joylashgan 23-oilaviy poliklinikaga endi borishmaydi, – deydi tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokori Abduvali Shamatov. – Shunga yarasha shart-sharoit yaratilib, zarur tibbiy jihozlar keltirildi.
Muhimi, mazkur muassasada bir nafar oila shifokori, ikki nafar patronaj hamshirasi aholiga tunu kun malakali tibbiy xizmat ko‘rsatadi.

– Bu biz uchun, muhim siyosiy tadbir, "O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida" gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi muhokamasi yuzasidan yurtimizda 30 aprel sanasida o‘tkaziladigan Referendum oldidan kutilmagan tuhfa bo‘ldi, – deydi shifokorlik punkti ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda ishtirok etgan O‘rikzorlik Hasan ota. – Ko‘p yillik orzuimiz ushalib, uzog‘imiz yaqin bo‘ldi.
Ochilish marosimida Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi, tuman hokimligi vakillari, faxriylar, nuroniylar ishtirok etdi. Mazkur shifokorlik punkti robotliklar hayotida muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Shuhrat Suyarov, O‘zA