Qirmizi iztirob yoxud millatning so‘nmas muzasi
Mana o‘n kundirki, yuragimdagi qirmizi iztirob – ko‘zlarimda goh yosh bo‘lib qalqiydi, goh siniq tabassum bo‘lib daraxtlardan, soylardan, odamlardan qalb tubidan quyilayotgan savollariga javob istab, bir nuqtaga termilib qotib qoladi.
Tanishlar, do‘stlar va oilam davrasida mana shu qirmizi iztirobni ko‘ksimda ko‘tarib, hayotning achchiq va alamli imtihonlariga matonat bilan munosabat bildirishga harakat qilaman. Qirmizi iztirob – biz hayotda topgan Hazrati insonlarimizning so‘nggi diydori. Ular mening yaxshi-yomon kunlarimda ko‘ngil so‘raguvchilarim edi. O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim G‘ofurov va O‘zbekiston xalq shoiri Oydin Hojiyeva xonadonidagi adabiy suhbatlarning shohidi bo‘lgan har bir ijodkor uchun bu xonadon nufuzli dorilfunun vazifasini o‘tadi deb o‘ylayman. Shaxsan, mening o‘zim uchun ham. Non-tuz haqi bir yonu, kitoblar, mansuralar, she’rlar, tarjimalar, qimmatli fikr va g‘oyalarga boy suhbatlar bir yon. Men Oydin opamning mehri va hurmatini qozonish va o‘zimning mehrim-hurmatimni, har ikkalasining ijodiga muhabbatimni aytish uchun ilk bora o‘sha xonadonga borgan kunlarimni ko‘zlarimni yumib, xo‘rsinib eslayman. Yillar davomida ikkala ulug‘ qalb sohiblarining o‘zaro suhbatlarini dasturxon boshida tinglagan va hayratlangan onlarim uchun taqdirimdan o‘rgilaman. She’rlarimni Oydin opamga ko‘rsatgani olib borgan kunlarim – Oydin opam hamisha menga o‘zining shoirona qalbidagi kechinmalarini aytib, maqtagan va rag‘batlantirgan. Balki shu rag‘batlar mening she’rga oshino ko‘nglimni ana shu xonadonga 30 yildan buyon bog‘lab turgandir, balki har ikkala millat oydinining yuksak tafakkurli suhbatlari va kitoblari o‘ziga rom aylagandir. Nima bo‘lganda ham bularning bari o‘n kundan beri tushimga kirib, o‘zim bilan o‘zim so‘zlashib, Qozirobod ko‘chasi, shoirlar mahallasidagi soy bo‘yida yolg‘iz va uzoq yurib chiqaman.
Ustoz ijodkorlarning, shogirdlarining xotiralarini internet tarmoqlarida, matbuotda, she’rlarida o‘qir ekanman, 2024-yil 2-3-noyabr kunlari marhum shoir ukam Mansur Jumayev bilan birgalikda ustoz Eshqobil Shukur rahbarligida tayyorlagan hujjatli filmga ijodkorlarni birma-bir aytib, Adiblar xiyoboniga yiqqanimiz, o‘sha joyda Ibrohim aka bilan suhbat hamda mushoira kechasi o‘tkazganimiz ko‘z oldimdan tinimsiz o‘tadi. Har bir ijodkorning yozganlariga o‘z qarashlarini bildirishdan og‘rinmagan, rag‘batini qizg‘anmagan, o‘zini olib qochmagan, o‘zgalar dardiga darmon, mushkulotiga chora izlab, yordam bermoq ularning har ikkalalariga ham xos fazilatlardan edi. Gazetada she’rlarimiz chop etilsa, birinchi bo‘lib Oydin opam, so‘ngra yonlarida Ibrohim aka tabriklar edilar. Har ikkalalari ham she’rlarimni o‘qib, o‘zlarining xolisona fikrlarini qog‘ozga tushirib berganlar. Ilk she’rlarimga Oydin opam ham oq yo‘l yozgan bo‘lsalar, “Ruhimning zafari” deb nomlangan kitobimga Ibrohim G‘ofurov o‘ziga xos yondashuvda so‘z yozdilar, yozganda ham badiiy tasvir olamida tuyg‘ular evrilishini namoyon etgan, jon talvasasi holatidagi og‘riqlarga o‘xshash motivlarni kashf etib yozdilar. Ha, bu o‘ziga xoslik Ibrohim G‘ofurov mahorat maktabining oltin qoidalaridan biridir. Ularning o‘ziga xos fikrlashlari hamisha kitobxonlarni va ijodkorlarni rom aylagan. Men o‘zbek she’riyatida ipakdek muloyim va nafis ruhda, nazokatli ohangda ijod qilganlar safida birinchilardan deb Oydin opamni bilaman. U kishidagi muloyimlikning o‘zi har qanday xulq egasini tarbiyat eta oladigan darajada nozik va sirli kuchga ega edi. Ibrohim G‘ofurov fenomeni esa – o‘zbek millatining tili va dili yashab qolishi, hamda jahon minbarlarida baralla yangrashi uchun o‘zining buyuk xizmatlariga ega bo‘lgan shaxs sifatida davlatimiz rahbarining nazariga tushdi.
Dunyo mamlakatlari adabiyoti sururi va zavqini turkiy olamga olib kirgan mutafakkir, ma’rifatparvar olim Ibrohim G‘ofurov Oydin opamning yonlarida turib bizga ma’naviy ko‘mak bermoqdan, she’riyat yo‘lida oq yo‘l tilamoqdan aslo charchamadilar. Ularning xonadoni tom ma’noda ijodkorlarning erkin, dasturxon atrofidagi nafis majlislarining oshiyoni edi.
Oydin opamning vafotlaridan keyin oldingiga qaraganda bu xonadonga kamroq boradigan bo‘ldim. Bundan Ibrohim aka ustoz xafa bo‘lganliklarini menga tadbirlarda ko‘rishib qolsak, bildirib turar edilar. Hayotiy ehtiyojlar, imkoniyatsizliklar sabab, oldingidek vaqt topolmayotgan paytlarimda shoira opalaringiz kelyapti, deya, qizlari Zulayxo opamning uyda bizlarni kutayotganlarini aytar edilar. Doim hayotimda hammasi joyidami deb, xavotirlanib so‘rab turardilar. Ijodkor do‘stlarim bilan borib turishga harakat qilardim. Bir gal yosh shoira Zebo Xudoyberdiyeva, bir gal Muxtasar Tojimamatova, bir gal taniqli jurnalist Robiya Kamol, bir gal shoir Muhammad Siddiq va boshqalar bilan birgalikda yo‘qlar edik. Ibrohim akaning 2022-yil “Yangi asr avlodi” nashriyotida chop etilgan 8-jildlik kitoblarini o‘qib chiqib, kitobning 7-jildidagi “Parivashlar majlisi” haqida taniqli jurnalist Robiya Kamol bilan radiosuhbat yozaylik dedim. U kishi bir kun vaqt ajrataman dedilar. Bu asardagi mavzular ham ko‘nglimdan chuqur joy olgan va meni bir qancha qayg‘ulantirgan edi. Qaysi ma’nodaki, fikrlarimni to‘zg‘itib, So‘z mehvari qoshida bir qarorga kela olmayotgan ijodkorning o‘ylarini ravshan torttirishda ushbu suhbatimiz katta bir mahorat maktabi bo‘lar edi. Afsuski, suhbatimizni yozishga ulgurmadik.
Lekin, kitobning har bir jildidagi o‘zimga yoqqan va meni ham qayg‘uga solgan mavzular haqida ancha payt ustoz bilan suhbatlashdik. Tarjima borasidagi norozi kayfiyatdagi fikrlarini ham eshitdim. Ba’zi tarjimaga qo‘l urgan ijodkorlarimizning qilgan tarjimalaridagi katta xatolardan biri – jimjimador so‘zlarni topishga bo‘lgan ishtiyoqning balandligi, buning oqibatida esa o‘quvchi uchun bu qiyin kechishini, sodda va tushunarli so‘zlar bilan berishning ham o‘ziga xos jihatlari borligi haqida kuyinib gapirdilar.
Ibrohim akaning vafotidan keyin “Jadid” gazetasining 12-iyun sonidagi O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xayriddin Sulton boshchiligida bir qancha adib va shoirlarimizning xotiralarini o‘z ichiga olgan “Mutafakkir. Bashorat va vasiyat.” maqolasi yuragimdagi qirmizi iztirobni yana ham qo‘zg‘adi, kuchaytirdi. Ayniqsa, Firdavs Xoliqovning Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tgan Alisher Navoiy tavalludining 500 yilligiga bag‘ishlangan ijodiy uchrashuvda Ibrohim akaning qilgan qomusiy ma’ruzasini yod etganlari, ustoz bilan yana bir karra faxr qilishimga, ta’sirlanishimga sabab bo‘ldi. Bundan Navoiy bobomizning 500 yillik yubileylari bir tarixiy voqea bo‘lsa, Ibrohim G‘ofurovning ma’ruzasi o‘zi bir tarixiy hodisa bo‘lganini to‘laqonli his qildim. Qolaversa, boshqa ustozlarimizning ham tilloga teng e’tiroflari Ibrohim G‘ofurovning o‘zi boshqa iste’dodlarga bergan ta’rifi yanglig‘, o‘zbek millatining muzasiga aylanganini ko‘rsatib turibdi. Ibrohim aka olamdan o‘tgan kuni yig‘lolmadim, guyoki bunday insonlarning ketmog‘i ham bizga kuch baxsh etishi kerak, yig‘lamayman, mardona kuzataman, xuddi Oydin opamni mardona kuzatgan kabi deya o‘zimga va’da berdim. Lekin, o‘n kun ichida qalbimdan kechgan – har ikkala ustozimizni ham sog‘inish azobi meni bugun yig‘latdi. Yig‘lamaganim uchun ham to‘yib yig‘ladim. To‘yib qilolmagan suhbatlarimiz, yozilmay qolgan asarlar, ona tilimizga o‘girilib o‘qilmayotgan tarjimalar, go‘zal xotiralar va ularning xonadonidan ufurib turgan jannat islarining tarovatidan mosuvo bo‘lganim uchun yig‘ladim. Bu tarovat mening ruhiyatimda, qonimda, niyat va tilaklarimda, yozajak asarlarimda, kelajak tonglarimda, faqat meninggina emas, millat davomchilarining maqsad zaboni-yu chehralarida davom etishini duo qildim. Ular qalblarimizda yorqin xotiralar bilan doimo hayot bo‘lib qoladilar. Ustozlarimni Alloh rahmatiga olgan bo‘lsin.
Farog‘at Xudoyqulova,
shoira