Qirlishonliklar xursand...
Olotning eng olis hududlaridan biri bo‘lgan «Qirlishon» mahalla fuqarolar yig‘ini «Obod qishloq» dasturi asosida zamonaviy qiyofaga kirib borayapti.
Bugun qishloqning har bir ko‘chasida olib borilayotgan ishlar chin ma’noda qirlishonliklar uchun bir necha yillik orzu-istakning ro‘yobga chiqayotganligining yorqin ifodasi bo‘layapti.
Tuman davlat xizmatlari markazi ham qatordan kam bo‘lmay, hudud aholisiga sayyor davlat xizmatlarini ko‘rsatayapti. Davlat xizmatlari agentligi Buxoro viloyat boshqarmasi rahbariyati va tuman davlat xizmatlari markazi xodimlari uyma-uy aholi bilan suhbat qilib, ularni qiynab kelayotgan muammolarni eshitishdi.

Xurshidjon 6 yoshda. Lekin haligacha bog‘chaga bormagan. Bobosi bilan suhbatlashganimizda “…Bog‘chaga borish uchun yo‘llanma kerak ekan. Lekin biz markazdan olisda yashaymiz. Shu sabab ish bilan ovora bo‘lib, bog‘chaga joylashtirish uchun ariza berishga hech vaqt topilmayotgan edi», deb so‘z boshladi Yagmurod ota Hasanov. Hududga kelgan tuman davlat xizmatlari markazi xodimlari Xurshidjonni maktabgacha ta’lim tashkilotiga joylashtirish bo‘yicha sayyor tartibda ariza olishdi.
Sharbat aya mehnat faxriysi. Onaxon bir necha yillar qishloqdagi maktabda bolalarga saboq berib kelgan. Yoshligidan mehnatga o‘rgangan Sharbat aya yengni shimarib, qishloqda amalga oshirilayotgan ishlarga o‘z hissasini qo‘shib, yoshlarga o‘rnak bo‘layapti. Mobil davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi avtobus kelganligini eshitib, suv ta’minoti uchun texnik shartlarni olishga ariza berdi. Chunki endilikda hudud «Obod qishloq» dasturi asosida to‘liq toza ichimlik suvi bilan ta’minlanayapti.
Aziza Cho‘lliyava 3 bolaning onasi. Turmush o‘rtog‘i doimiy ish bilan band bo‘lmaganligi sabab, vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga jo‘nab ketgan. Aziza qishloqdagi mavsumiy ishlar bilan band bo‘lganligi bois, bolalar ko‘p vaqtlarda uyda yolg‘iz qolishardi. Ularni bog‘chaga joylashtirish uchun esa «ha» deganda vaqt topilmasdi. Bugun sayyor tartibda bolalarni maktabgacha ta’lim tashkilotiga joylashtirish bo‘yicha ariza bergan Azizaning yelkasidan tog‘ ag‘darilgandek bo‘ldi.
Sayyor qabul kuni Davlat xizmatlari agentligi Buxoro viloyat boshqarmasi mas’ullari hamda tuman davlat xizmatlari markazi xodimlari qirlishonlik yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazishdi.

Xulosa o‘rnida aytadigan bo‘lsak, Aholi hamda yuridik shaxslarga sifatli davlat xizmatlari ko‘rsatuvchi markazlar «Fuqarolar emas, hujjatlar harakatlanadi» tamoyilining amalda bajarilishiga mustahkam zamin yaratayapti. O‘z navbatida Olot tuman davlat xizmatlari markazi olotliklarga tezkor, shaffof, xalqqa yaqin davlat xizmatlarini ko‘rsatib, har bir fuqaroning bugunidan rozi, ertangi kuniga ishonch bilan yashashida muhim o‘ringa ega bo‘lib bormoqda.