Qing‘ir ishning qiyig‘i chiqdi
Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va o‘z xavfsizlik bo‘limi xodimlari tomonidan fosh qilingan navbatdagi holatda “G‘ijduvon” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida fuqaro R.S. nomiga chetdan keltirilgan avtokranni bojxonada rasmiylashtirish jarayonida qing‘irlikka qo‘l urilgani aniqlandi.
Hujjatlarda ushbu maxsus texnika 2020 yilda ishlab chiqarilgani qayd etilgan. Lekin transport vositasi holatining ekspertiza natijalari buni tasdiqlamadi.
Avtokran shassisida qo‘lbola usulda bajarilgan payvandlash izlari aniqlangan. Kran kabinasidagi ma’lumotlar bitilgan yorliqlar ham qalbakilashtirilgan. Avtokran ehtiyot qismlarida esa uning 2016 yilda ishlab chiqarilganligini ko‘rsatuvchi yorliqlar mavjudligi aniqlangan. Bularning barchasi esa mazkur texnika 2016 yilda ishlab chiqarilganligini anglatadi. Ma’lumotlarni soxtalashtirish orqali yuk egasining bojxona to‘lovlaridan 4,2 milliard so‘mlik imtiyozlarni qo‘lga kiritish rejasi bajarilmay qoldi.
Viloyat bojxona boshqarmasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va o‘z xavfsizlik bo‘limi hamda Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi xodimlari tomonidan fuqaro B.D. nomiga chetdan olib kelingan avtokran ham belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, shubhali holatlar kuzatildi. Natijada avtokranga qayta ekspertiza tayinlandi. Ekspertizaning dastlabki xulosasida 2018 yilda ishlab chiqarilganligi tasdiqlangan. Avtokran aslida yangi ko‘rinishga keltirish uchun muqaddam ta’mirlangan, ehtiyot qismlarida uning 2012 yilda ishlab chiqarilganligini ko‘rsatuvchi birkalar aniqlangan. Qayta ekspertiza natijasidan so‘ng ushbu texnika 2012 yilda ishlab chiqarilganligi tasdiqlangan. Ma’lumotlarni soxtalashtirish orqali yuk egasining bojxona to‘lovlaridan 3,2 milliard so‘mlik imtiyozlarni qo‘lga kiritish rejasi foyda bermadi.
Shunday qilib, mazkur holatlarda 7 milliard 422 million so‘mlik imtiyoz bekor qilinib, bojxona to‘lovlari qayta hisoblandi. Hozirda surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA