Qayta tiklanuvchi elektr manbai: qulay va tejamkor
Buxoro viloyati Romitan tumanida 133 aholi xonadoni va yetmishdan ortiq ijtimoiy soha inshooti qayta tiklanuvchi elektr manbaiga ega bo‘ldi.
Prezidentimizning 2023 yil 16 fevraldagi “2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ijrosini ta’minlash, iqtisodiyot tarmoqlarida va aholi xonadonlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish, energiya samaradorligini oshirish maqsadida Buxoro viloyati Romitan tumanida ham keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, turar joy inshootlari bilan birga tadbirkorlik sub’ektlari va ijtimoiy soha ob’ektlariga quyosh panellari o‘rnatishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Ayniqsa, iqtisodiyot tarmoqlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Masalan, Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy qilish ishlari avjida. Ishlab chiqilgan “Energiya tejamkorlik dasturi”ni amalga oshirish doirasida bugunga kelib yirik korxonada umumiy quvvati 150 kVt soatga teng bo‘lgan quyosh panellarini o‘rnatish ishlari nihoyasiga yetkazilib, tizim ishga tushirilmoqda.

O‘rnatilgan panellarning ishga tushirilishi esa korxonaning yaqin atrofdagi uchta yotoqxonasi, ikkita oshxona va avtoturargohni yorug‘lik vaqtida elektr energiyasi bilan ta’minlash imkonini beradi. Bundan tashqari, quyosh panellari o‘rnatilgan maydonchada qo‘shimcha 700 metr kvadrat hajmdagi quyoshdan himoyalangan jami 50 avtoulov sig‘dira oladigan avtoturargoh barpo qilingan.

Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida mazkur tashabbusni amalga oshirishdan kutilayotgan yillik samara hisob-kitobga ko‘ra 331 million so‘mni tashkil etadi. Bu iqtisodiy samaraga tarmoqdan elektr energiyasi iste’molini 414 ming kVt soatga kamaytirish hisobidan erishiladi. Ta’kidlash joizki, quyosh panellarini o‘rnatish, poydevor va panel o‘rnatish uchun temirli qoplamalar, shuningdek, qurilish-montaj ishlari to‘liq korxonaning ichki imkoniyati hisobidan bajarilgan.
Faqat shugina emas, bu korxonada joriy yilda quvvati 100 kVt va 90 kVt soatga teng bo‘lgan ikkita qo‘shimcha fotoelektr stansiyasini hamda tashqi tarmoqdan elektr energiya sarfini kamaytirish maqsadida suvni quyosh energiyasi yordamida isitish tizimini qurish va yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Bu loyihani shu yil yakunigacha ro‘yobga chiqarish ko‘zda tutilgan.
Ayni paytda tumanda 67 ijtimoiy soha ob’ektiga, 95 aholi iste’molchisi xonadoniga quyosh fotoelektr stansiyalari o‘rnatilmoqda. Hozirga qadar “Quyoshli xonadon” loyihasi asosida 133 xonadon va jami 70 dan ortiq korxona va tashkilot mazkur panellar bilan ta’minlangan. Mutaxassislar hisob-kitobiga binoan aholi xonadonlariga 380 kVt soat, korxona-tashkilot va ijtimoiy soha inshootlariga jami 650 kVt soatga teng quyosh paneli o‘rnatilgan. Bundan tashqari, hududda 50 dan ortiq tadbirkorlik sub’ekti o‘z savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi yoki do‘konini 620 kVt soat quvvatga ega qayta tiklanuvchi quyosh panellari bilan ta’minlagan.
Muhimi, bugun quyosh paneli kabi muqobil energiya manbaiga bo‘lgan talab oshmoqda. Manbaning qulay va samaradorligi bois unga qiziqish va ehtiyoj ortmoqda. Shu bois, tumanda bu boradagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Zarif Komilov,
O‘zA