Qaysi turdagi nafaqalar ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi orqali to‘lanadi? (+video)
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini tubdan isloh etish, mehnat bozorida adolat va shaffoflikni ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Ayniqsa, homiladorlik va tug‘ish, vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik hamda ishdan bo‘shatish kabi ijtimoiy xavflardan himoya qilish masalalari yangi yondashuvlarni talab etmoqda.
Shu maqsadda 2025 yil 9 dekabr kuni qabul qilingan “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida”gi qonun mamlakatda yagona, barqaror va adolatli ijtimoiy sug‘urta tizimini shakllantirishga qaratilgan muhim hujjat hisoblanadi. Yangi qonun nafaqat fuqarolarning ijtimoiy kafolatlarini kengaytiradi, balki tadbirkorlar uchun ham ortiqcha moliyaviy yuklamalarni bosqichma-bosqich kamaytirishni nazarda tutadi.
Ushbu islohotning mohiyati, kutilgan natijalari va aholi uchun yaratadigan imkoniyatlari haqida Ijtimoiy himoya milliy agentligi bosh mutaxassisi Dilshodxon Muhamedjonovaga yuzlandik.
— Amaldagi tizimda xususiy sektorda band bo‘lgan ayollar homiladorlik va tug‘ish nafaqalarini olishda qiyinchiliklarga duch kelayotgani tahlillar orqali aniqlandi. Davlat ishtirokida yagona ijtimoiy sug‘urta tizimini joriy etish orqali ushbu muammolarni hal etish maqsad qilindi. Eng katta afzallik — ijtimoiy himoya kafolatlarining kengayishi. Endi fuqarolar ish joyidan qat’i nazar, homiladorlik va tug‘ish, kasallik yoki ishdan bo‘shatilish holatida davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.
Shuningdek, nafaqalarning avtomatik, proaktiv tarzda tayinlanishi inson omilini kamaytiradi. Ilgari ushbu nafaqalarni to‘lash tadbirkorlar zimmasiga yuklangan edi. Yangi qonunga muvofiq, homiladorlik va tug‘ish, vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik hamda ishdan bo‘shatish nafaqalari davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi orqali to‘lanadi. Bu tadbirkorlarni ortiqcha xarajatlardan ozod qilib, rasmiy ish o‘rinlari yaratishga rag‘batlantiradi. Jamg‘arma aholini ijtimoiy sug‘urtalash, sug‘urta badallarini hisobga olish va nafaqalarni o‘z vaqtida to‘lash uchun mas’ul asosiy tuzilma hisoblanadi. U yagona operator sifatida shaffoflik va barqarorlikni ta’minlaydi.
Homiladorlik va tug‘ish hamda vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik nafaqalari fuqaroning murojaatisiz, elektron mehnatga layoqatsizlik varaqasi rasmiylashtirilishi bilan avtomatik tarzda tayinlanadi. Faqat ishdan bo‘shatish nafaqasi fuqaroning arizasi asosida to‘lanadi. Yangi tizim joriy etilishi natijasida byudjet tashkilotlarida ishlovchi 2,2 million nafarga yaqin, xususiy sektorda band bo‘lgan 3,6 million nafardan ortiq hamda o‘zini o‘zi band qilgan va norasmiy sektorda faoliyat yuritayotgan 7 million nafardan ziyod fuqarolarning ijtimoiy kafolatlari ta’minlanadi. Asosiy natija — aholining ijtimoiy himoyasi kuchayishi, rasmiy bandlikning oshishi va mehnat bozori barqarorligining ta’minlanishi. Bu esa, o‘z navbatida kambag‘allikni qisqartirishga xizmat qiladi.
Mazkur qonun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, mehnat bozorini barqaror rivojlantirish va kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan izchil siyosati doirasida ishlab chiqilgan.
Shu paytga qadar homiladorlik va tug‘ish, vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik hamda ishdan bo‘shatish nafaqalarining asosiy qismi ish beruvchilar zimmasiga yuklangan edi. Bu esa, ayniqsa xususiy sektorda band bo‘lgan fuqarolar uchun ijtimoiy kafolatlarning to‘liq ta’minlanmasligiga olib kelgan.
Rasmiy statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilda 166 ming nafar ayolga dekret varaqasi ochilgan bo‘lib, byudjet tashkilotlarida ishlovchi 118 ming ayolga (100 foiz) homiladorlik va tug‘ish nafaqasi to‘liq to‘langan. Biroq xususiy sektorda ishlagan ayollarning atigi 15,3 ming nafariga (32 foiz) ushbu nafaqa qoplab berilgan.
Bu holat ijtimoiy adolat tamoyillariga zid ekani hamda davlat ishtirokida yagona sug‘urta tizimini joriy etish zarurligini ko‘rsatib bergan.
Qonunning asosiy maqsadlari Fuqarolarni vaqtincha mehnat qobiliyatini yo‘qotganda yoki ishsiz qolganda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, kambag‘allikka tushib qolish xavfining oldini olish, tadbirkorlarni ijtimoiy nafaqalarni to‘lash bo‘yicha ortiqcha moliyaviy yuklamadan ozod etish, rasmiy bandlikni rag‘batlantirish va “soya iqtisodiyoti” ulushini qisqartirishdan iborat.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 3 noyabrdagi PF–206-son farmoniga muvofiq, davlat muassasasi shaklida Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi tashkil etilmoqda.
Ma’lumot uchun, mazkur jamg‘arma avval Ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi sifatida 2022 yil 25 iyuldagi PF–175-son farmoni asosida yuridik shaxs maqomisiz faoliyat yuritgan. 2025 yilning 11 oyi davomida jamg‘arma orqali 11,4 ming nafar ayolga 30,3 milliard so‘m miqdorida homiladorlik va tug‘ish nafaqasi to‘langan.
Qonunga muvofiq, 2026 yil 1 yanvardan boshlab homiladorlik va tug‘ish nafaqasi, 2026 yil 1 iyuldan vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik nafaqasi (kasallik varaqasi) to‘lanadi va 2030 yil 1 yanvardan esa ishdan bo‘shatish nafaqasi bosqichma-bosqich joriy etiladi. Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi orqali to‘lanadi.
Bu jarayonni amalga oshirish Ijtimoiy himoya milliy agentligi zimmasiga yuklatilgan bo‘lib, hozirda agentlik axborot tizimida “Ijtimoiy sug‘urta” moduli ishlab chiqilmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinishi O‘zbekistonda ijtimoiy davlat tamoyillarini yanada mustahkamlab, aholini ijtimoiy xavflardan himoya qilish, tadbirkorlik faoliyati uchun qulay shart-sharoit yaratish hamda mehnat bozori barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/I8t1mwmNqjY" title="Qaysi turdagi nafaqalar ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi orqali to‘lanadi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Shahnoza Mamaturopova, O‘zA