Qatag‘on qurbonlari unutilmaydi
Har bir millat va elatning o‘z tarixi bor. Tarix zamirida esa milliy o‘zlikni anglash, qadriyatlarga hurmat, ajdodlar xotirasiga ehtirom tuyg‘usi mujassam. Sir emaski, yetmish yildan ortiq davr mobaynida davom etgan sobiq Sho‘ro tuzimi davrida xalqimizning ana shu tuyg‘usi toptaldi, tariximizni xolis o‘rganishga, milliy, diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylashga yo‘l qo‘yilmadi.
O‘tgan asr boshidagi oktyabr to‘ntarishi oqibatida Turkistonda zo‘rlik bilan o‘rnatilgan mustamlakachi sovetlar tuzumi birinchi kundan boshlab shu zaminda yashayotgan xalqlar boshiga son-sanoqsiz qirg‘inlar, dahshatli va alamli kulfatlar olib keldi. Bu dahshatli rejimni xalqlarimiz qabul qilmadi. Turkiston zamining ilg‘or vakillari istiqlol uchun, erk va milliy-ozodlik uchun kurash olib bordi. Turli manbalarda ta’kidlanishicha, bu kurashda 1 million 900 ming nafar turkistonliklar Vatandan bosh olib, xorijiy mamlakatlarga chiqib ketdi, 1 million 700 ming yurtdoshimiz Sibirga, Uzoq Shimolga, Ukrainaga, Shimoliy Kavkazga, Uralga, Qozog‘istonga, Uzoq Sharqqa, Kavkazga, Volgabo‘yi rayonlariga badarg‘a qilindi.
Ayniqsa, 1937-1938 yillarda o‘ta mudhish voqealar yuz berdi. Xususan, 1937 yilning 10 avgustidan 1938 yil 1 yanvargacha O‘zbekistonda o‘n ming yetti yuz kishi qamoqqa olingan. Bulardan uch ming olti yuz o‘n uch kishi otildi, yetti ming sakson yetti kishi sakkiz-o‘n yil muddatga qamaldi.
Qatag‘on avvalo, ziyolilar, din xizmatchilariga qarshi qaratilgan edi.
Faqat 1937 yilning dekabr oyida "uchlik" qarori bilan hukm qilingan uch ming olti yuz qirq to‘rt kishidan bir ming to‘rt yuz oltmish to‘rt nafari imom, eshon, mulla va boshqa diniy xizmatchi bo‘lgan. 1938 yilning fevralida "uchlik" yig‘ilishlarida 2 ming 491 mahbus ustidan hukm chiqarilgan, shundan 2 ming 86 mahbus otuvga, 398 mahbus o‘n yil muddatga, ikki mahbus sakkiz yil muddatga qamoq jazosiga hukm qilingan. Ular asosan o‘ziga to‘q dehqonlar, ishchi-xizmatchilar, ulamolar, savdogarlar bo‘lgan.
Sovet tuzumining qatag‘on siyosati diniy nuqtai nazardan og‘ir gunohi azim, siyosiy-dunyoviy jihatdan o‘ta dahshatli jinoyat edi. Tariximizning ana shu achinarli, alamli sahifasini yaratish, o‘sha achchiq tarixni eslash, undan saboq olish, bunday qatliom haqidagi bor haqiqatni bugungi va kelgusi avlodlarga yetkazish muhim ahamiyat kasb etadi.
Mamlakatimizda istiqlol yillarida tarixiy haqiqatni qaror toptirish, xususan, Vatanimiz ozodligi va erkinligi yo‘lida qurbon bo‘lgan xalqimizning suyukli farzandlari nomini tiklash, ularning hayoti va faoliyatini o‘rganish, tadqiq va targ‘ib etishga qaratilgan keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Biroq, bu borada hali oldimizda qiladigan juda ko‘p ishlar turibdi. Yurtimizda faqat 1937-1953 yillarda qatag‘on qilingan 100 ming nafardan ziyod yurtdoshlardan nari borsa 20 ming nafaridan ortiqrog‘i nomma-nom aniqlandi, xolos. Qolganlarini izlab topish, ularning xotirasini abadiylashtirishdek katta va og‘ir, lekin xayrli, vazifa turibdi.
Bu yorug‘ va dorilamon kunlar yo‘lida qurbon bo‘lganlar ruhini shod etish, tinch-osoyishta zamonning qadriga yetish, shukronalik tuyg‘ularini his etish bizga katta quvvat bag‘ishlaydi, ruhiyatimizni poklab, yangi-yangi bunyodkorlik ishlariga chorlaydi. Zero, ozodlik uchun kurashgan insonlar xotirasi hech qachon unutilmaydi, xalqimiz qalbida mangu yashaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 22 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi va hududlardagi oliy ta’lim muassasalari tuzilmasida Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeylarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ana shu yo‘nalishdagi ishlar ko‘lamini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Andijon davlat universiteti tuzilmasida tashkil etilgan Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi ham mash’um siyosat qurbonlari xotirasini abadiylashtirish, bu boradagi sa’y-harakatlar ko‘lamini kengaytirishga qaratilgan ishlarning amaldagi ifodasidir. Muzeyga mustabid tuzim tomonidan qanotlari qirqilgan, ne-ne azoblarga solingan minglab ayanchli taqdirlar haqidagi eksponatlar qo‘yilgan. Faqat 1937-1938 yillarning o‘zida Andijon viloyatidan qatag‘on qilingan 1 ming 500 nafardan ortiq jabrdiydalarning ism-familiyalari yozilgan. Bundan tashqari, ularning xotirasiga bag‘ishlangan ilmiy, adabiy, badiiy kitoblar to‘planib, elektron nusxalari tayyorlandi. Qatag‘on qurbonlari bo‘lgan yurtdoshlarimizning hayoti va faoliyati haqidagi ma’lumot va hujjatlarni ilmiy tadqiq etish, ular haqida hikoya qiluvchi kitoblar, kinofilmlar yaratish, maktablarda muzeyning filiallarini tashkil etish borasida ham zarur ishlar olib borilmoqda.
Muxtasar aytganda, shu muqaddas zamin, ona yurt tinch¬ligi, mustaqilligi va taraqqiyoti uchun jonini fido qilgan vatandoshlarimiz nomini abadiylashtirish, ularning hayoti, taqdiri haqidagi haqiqatni kelgusi avlodlarga boricha yetkazish, bu boradagi xayrli ishlarga munosib hissa qo‘shish har bir yurtdoshimiz uchun ham qarz, ham farzdir.
Rustambek SHAMSUTDINOV,
Andijon davlat universiteti tuzilmasidagi Qatag‘on
qurbonlari xotirasi muzeyi rahbari, professor, tarix fanlari doktori.
O‘zA