Qashqadaryolik muhandislar respublika tanlovida yuqori natijalar qayd etdi
Qarshi davlat texnika universitetida bugun “Kelajak muhandislari” respublika ko‘rik-tanlovi g‘oliblarini taqdirlash, Prezident sovg‘asi sohibi bo‘lgan ustoz va olimlarni e’tirof etish marosimi o‘tkazildi.
Tantanali tadbirda universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar va talabalar ishtirok etdi.
Marosimda tanlovning professor-o‘qituvchilar o‘rtasidagi “Eng yaxshi g‘oya” yo‘nalishida g‘olib bo‘lgan “Energetika muhandisligi” kafedrasi katta o‘qituvchisi Inomjon Xotamovga Prezident sovg‘asi – BYD Chazor avtomashinasi topshirildi.


G‘olibning universitet hududiga avtomashinada kirib kelishi karnay-surnay sadolari ostida kutib olindi.
Tadbirda universitet rektori Sherzod Ne’matov so‘zga chiqib, “Kelajak muhandislari” tanlovining yoshlar va ilmiy izlanish olib borayotgan mutaxassislar uchun ahamiyatiga to‘xtaldi. Bunday e’tirof yangi g‘oya va ishlanmalar ustida ishlayotgan professor-o‘qituvchilar uchun katta mas’uliyat bilan birga, talabalar uchun ham o‘ziga xos rag‘bat ekanini ta’kidladi.

Quvonarlisi, mazkur tanlovning “Eng yaxshi g‘oya” yo‘nalishida ikkinchi o‘rin ham Qarshi davlat texnika universiteti vakiliga nasib etdi. “Texnologik mashinalar va jihozlar” kafedrasi dotsenti G‘anisher Rahimov 82 million 400 ming so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Shuningdek, “Energetika muhandisligi” kafedrasi dotsenti Sevara Mirzayorovaga “Oliy ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishoni topshirildi.

Tadbirda so‘z olgan ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor G‘ulom Uzoqov, professor Ulug‘murod Jonqobilov, tanlov g‘oliblari va talabalar mazkur natijalarning ahamiyati xususida fikr bildirdi.
“Kelajak muhandislari” respublika ko‘rik-tanlovi yosh olimlar va iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning innovatsion g‘oyalari, startap loyihalari hamda ilmiy-texnik ishlanmalarini rivojlantirishga qaratilgan.

Qarshi davlat texnika universiteti vakillarining tanlovdagi natijalari ta’lim muassasasida ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatga e’tibor tobora ortib borayotganini ko‘rsatib, professor-o‘qituvchilar va talabalarni yangi g‘oyalar ustida ishlashga undaydi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri