Qashqadaryoda “Yashil makon” doirasida ko‘chat ekish tadbirlari o‘tkazildi
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida keng ko‘lamli ko‘chat ekish tadbirlari tashkil etilmoqda. Unda Qashqadaryo viloyati ham faol ishtirok etdi.
Davlat rahbari ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda Milliy dendrologiya bog‘ini barpo etishga start berildi. Shu bilan birga, mamlakatimizning 14 ta hududi, jumladan, Qashqadaryo viloyati ham videokonferensiya aloqasi orqali ulanib, hududlarda ko‘chat ekish ishlari amalga oshirildi. Viloyatdagi tadbirlarda hokim Murotjon Azimov boshchiligida rahbarlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda cho‘llanish jarayonlarini kamaytirish maqsadida ilg‘or xorijiy tajribalar joriy etilayotgani ta’kidlandi. Xususan, Xitoy tajribasi asosida ilk bor Arnasoy, Qorako‘l, Muborak, Karmana va Nukus hududlarida 50 gektar maydonda suvsizlikka chidamli galofit bog‘lari barpo etilgani qayd etildi.

Ko‘chat ekish tadbiridan so‘ng viloyat hokimi mutasaddilarga “Yashil makon” umummilliy loyihasi samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan farmon ijrosini ta’minlash, ishlarini tizimli va uyushqoqlik bilan tashkil etish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berdi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, bu kabi tashabbuslar ekologik barqarorlikni ta’minlash, atrof-muhitni muhofaza qilish va kelajak avlodlar uchun sog‘lom tabiiy muhit yaratishga xizmat qiladi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri