Qashqadaryo xabarlari –qisqa satrlarda
Qarshi shahridan Shahrisabzga borish yo‘lini qurish loyihalari taklif etilmoqda.
Ushbu yo‘lni qurishni rejalashtirayotgan Xitoy kompaniyasi 3 ta variantni taqdim etmoqda. Unda kesishadigan katta yo‘llardan ko‘priklar orqali o‘tish hisobiga ham turli avtohalokatlarning oldini olish, ham manzilga yetib borish vaqti qisqarishiga erishiladi.
Loyihalar taqdimoti bilan tanishgan viloyat hokimi Murotjon Azimov aholi xonadonlari va tadbirkorlik sub’ektlariga zarar yetkazmaslik, snoslarni ko‘paytirmaslik bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdi.


Ta’kidlanishicha, ushbu loyihalardan biri amalga oshiriladigan bo‘lsa, zamonaviy avtomobil yo‘li paydo bo‘lishi ortidan Shahrisabzga 1 soatga qolmay yetib borish mumkin.
***
Davlatimiz rahbarining Qashqadaryo viloyatida tibbiyotni rivojlantirishga qaratgan e’tiborining yana bir mevasi sifatida yurtimiz mustaqilligining 33 yillik tantanalari arafasida Dehqonobod tumanining Beliboyli mahallasida joylashgan tuman markaziy shifoxonasining Beliboyli filiali binosi davlat dasturi asosida qayta ta’mirlanib, qo‘shimcha bino qurilib, zamonaviy ko‘rinishga keltirildi.
Mazkur shifoxona ushbu hududdagi 3 ta mahallada istiqomat qiluvchi 11 ming nafardan ortiq aholiga xizmat qiladi. U yerda davolanuvchilarga yetarlicha qulayliklar yaratildi.


***
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Qashqadaryo hududiy filiali tomonidan, iste’molchilarga sifatli va barqaror elektr energiyasi yetkazib berish hamda kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Ko‘kdala tumanidagi “Yettitom” podstansiyasining quvvatini oshirish maqsadida ortiqcha yuklama bilan ishlayotgan kuch transformatorlarini har birining quvvati 40 ming kVA bo‘lgan 2 ta transformatorga almashtirish ishlari olib borilmoqda.


Qurilish-montaj ishlari yakuniga ko‘ra, Chiroqchi va Ko‘kdala tumanlari iste’molchilarining elektr energiyasi bilan bog‘liq bo‘lgan muammolari bartaraf etiladi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri