Qashqadaryo teatri Turkiya matbuotida yoritildi
Keyingi yillarda mamlakatimiz teatrlariga qaratilayotgan e’tibor natijasida sohada xalqaro hamkorlik tobora kuchaymoqda. Ayni paytda nainki poytaxtdagi yetakchi teatr jamoalari, balki mamlakatimizning barcha hududlaridagi ijodiy jamoalar ham o‘z spektakllarini turli xorijiy davlatlarda namoyish etish, chet ellik rejissyorlar, sahna ustalari bilan hamkorlikda spektakllar qo‘yish imkoniga ega bo‘lmoqda.
O‘zbekiston Teatr arboblari uyushmasi axborot xizmatiga ko‘ra, Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatri ham oxirgi yillarda xalqaro maydonda keng e’tiroflarga sazovor bo‘lib bormoqda. Quvonarlisi shuki, yaqinda turkiyalik taniqli jurnalist va dramaturg Nazif Uslu Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatri bilan yaqindan tanishish maqsadida ushbu maskanga tashrif buyurgan edi.
Yangi yilning ilk kunlaridayoq Turkiyaning “TEATRO“ gazetasida Nazif Usluning ”Yangi O‘zbekistonning yangi teatri Qashqadaryo viloyati musiqali drama teatri” deb nomlangan sarlavha ostida tahliliy maqolasi chop etildi. Unda teatrning xalqaro ijodiy aloqalari va yutuqlari, teatr rahbari O‘.Maxmatqulovning bu boradagi sa’y-harakatlari beqiyosligi haqida atroflicha so‘z boradi. Teatr ijodi xalqaro OAVda ham keng yoritilayotgani davlatimizning sahna san’ati uchun yaratayotgan keng imkoniyatlarining samarasidir.
N.Usmonova, O‘zA