Qashqadaryo delagatsiyasi Sirdaryoda
Qashqadaryo hokimi Zoir Mirzayev boshchiligida viloyatning tuman va shaharlari hokimlari, ularning o‘rinbosarlari va bir qator viloyat rahbarlari tarkibiga kirgan delegatsiya amaliy tashrif bilan Sirdaryoga keldi.
Qashqadaryolik mehmonlar viloyatdagi yangilanish va o‘zgarishlar, bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.


Ushbu tashrifdan ko‘zlangan maqsad – zamonaviy infratuzilma ob’ektlari, ishlab chiqarish korxonalarida bo‘lib ish jarayoni, sohalarga joriy etilayotgan inovatsion yangiliklar borasida ma’lumot olish, o‘zaro tajriba almashishdan iborat.
Qashqadaryo viloyati delegatsiya a’zolari kunning birinchi yarmida Sirdaryo viloyatida so‘nggi yillarda qurib foydalanishga topshirilgan Sirdaryo tumanidagi “Temur Med-farm”, “Sirdaryo Universal oyna”,“Peng-Sheng”, “Vang Da-grup” qo‘shma korxonalarining ishlab chiqarish faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.


Kunning ikkinchi yarmida, delegatsiya a’zolari Mirzaobod tumanidagi 30 gektarlik sabzavot yetishtirishga ixtisoslashgan “Bek klaster” issiqxona kompleksi, trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarivchi “Orchit Byuti” kompleksi, meva-sabzavot mahsulotlarini sublimatsiya usulida quritish bilan shug‘ullanuvchi “Sub Dray” korxonasi, o‘simlik yog‘i ishlab chiqaruvchi “Oqoltin yog‘-moy sanoati” loyihasini ko‘zdan kechirdi.
“Yangi O‘zbekiston” mahallasidagi keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlariga, yangilanish jarayoniga bevosita guvoh bo‘ldilar.

Mehmonlar tashrif davomida viloyatning ishlab chiqarish salohiyati, xizmat ko‘rsatish hamda boshqa sohalardagi ijobiy natijalarining omillariga e’tibor qaratdilar.
Qashqadaryoliklarning Sirdaryoga uyushtirgan ushbu tashrifi har ikki tomon uchun ham manfaatli bo‘lib,o‘zaro tajriba almashish, hamkorlikda ish yuritishning yangi imkoniyatlarini ochib beradi.
A.QAYUMOV, F.TOSHMATOV (surat), O‘zA