Qarzdorlik bartaraf etilmagani uchun majburiy ijro choralari qo‘llanildi
Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlari qonunchilikka ko‘ra o‘z vaqtida ijro etilishi shart. Agar qarzdor tomonidan belgilangan muddatda qarzdorlik bartaraf etilmasa, majburiy ijro etish choralari qo‘llaniladi.
Bunda, qarzdorlik qarzdorning pul mablag‘lari va boshqa mulkiga qaratilishi mumkin.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudi qarori bilan qarzdor yakka tartibdagi tadbirkor “U.M.G‘.”dan undiruvchi bank foydasiga 305 million 797 ming so‘m qarz undirilishi, undiruv qarzdorning garovdagi “Captiva” rusumli avtomashinasiga qaratilishi belgilangan.
Majburiy ijro byurosi (MIB)ning Mirzo Ulug‘bek tumani bo‘limi davlat ijrochilari qarzdor bilan uchrashib, qonuniy tushuntirishlar bergan. Agar belgilangan muddatda qarz to‘lanmasa, ijro choralari qo‘llanilishi, avtomashina auksionga chiqarilishi mumkinligi haqida qarzdor ogohlantirilgan.
Ammo qarzdor har safar qonuniy talablarni inkor qilib, o‘z majburiyatini bajarishdan bosh tortgan. Shu sababli, avtomashina qonuniy tartibda xatlanib, jarima maydoniga joylashtirildi. Hozirda onlayn auksion savdolariga chiqarilgan avtomobil sotuvidan tushgan pul mablag‘lari qarzdorlikni qoplashga yo‘naltiriladi.
Byuroning Mirzo Ulug‘bek tumani bo‘limi ish yurituviga qarzdor otadan ikki nafar voyaga yetmagan farzandining moddiy ta’minoti uchun har oyda ish haqi va boshqa daromadlarining 1/3 qismi miqdorida aliment undirish mazmunidagi ijro hujjati kelib tushgan.
Ijro harakatlari davomida qarzdorning daromadlari “MIB portali” orqali o‘rganilganda, uning ishlashi aniqlangan. Shu munosabat bilan unga tegishli tartibda talabnoma yuborilgan. Qarzdorlik to‘liq qoplangunga qadar har oylik ish haqidan 50 foiz miqdorida ushlab qolish belgilangan.
Biroq ijro hujjati talablari qarzdorning ishxonasi hisobxona mas’ul xodimlari tomonidan to‘liq bajarilmagani aniqlangan. Jumladan, ish haqidan ushlab qolish va aliment mablag‘larini o‘z vaqtida o‘tkazish bo‘yicha belgilangan tartiblarga rioya etilmagan.
Yuqoridagi holatlar asosida ishxona hisobxona mas’ul xodimlaridan yozma tushuntirishlar olinib, dalolatnoma rasmiylashtirilgan. Ularga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 198-2-moddasiga asosan ma’muriy javobgarlikka tortish choralari ko‘rilmoqda.
Yana bir holatda ikki nafar voyaga yetmagan farzand uchun ota tomonidan to‘lanishi kerak bo‘lgan aliment masalasi to‘liq hal etildi. Bu safar ota farzandlari 18 yoshga to‘lgunga qadar bo‘lgan aliment mablag‘i miqdori – qariyb 856 million so‘mni to‘liq to‘lab berdi.
N.Abduraimova,
O‘zA