“Qarsildoq” musiqiy ertagi bolalarga taqdim etildi
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Davlat akademik katta teatri qishki ta’til kunlarida bolalar uchun ko‘plab qiziqarli ijodiy loyihalarni taqdim etib kelmoqda.
Mazkur teatr kichik sahnasida Pyotr Chaykovskiy asari asosida “Qarsildoq” musiqiy ertagi namoyish etildi. Bu teatr ijodiy jamoasining yosh tomoshabinlari uchun o‘ziga xos tuhfa bo‘ldi.

Yangi yil oqshomida qizaloqqa g‘alati Qarsildoq o‘yinchog‘ini sovg‘a qilishadi. Ertak mardlik, saxovat kabi fazilatlarni ulug‘lashi bilan diqqatga sazovor.
Aslida Qarsildoq sehrlangan shahzoda edi. Sehr sirini ochish uchun qahramonlar mo‘’jizali sayohatga yo‘l olishadi — ularni sarguzashtlar, antiqa qahramonlar hamda yovuz to‘da kutar edi.
Pyotr Chaykovskiy yaratgan sehrli musiqa sahnada yangi musiqiy va badiiy talqinda jaranglaydi. Rejissyor Konstantin Kamininning sahnaviy yechimi mashhur ertakning dramatizmini kuchaytirib, har bir qahramon obrazini samimiy va tomoshabinga yaqin tarzda ochib beradi.
Spektaklning postanovkachi rejissyori – Konstantin Kaminin. Musiqiy rahbar — A’zamxon Ahmedov. Sahnalashtiruvchi rassom — Aleksey Gromiko. Baletmeyster — Ravshan Choriyev.
N.Usmonova, O‘zA