Qarshida maqom kechasi boʻlib oʻtdi
Kechaning ochilish marosimida viloyat hokimi Zoyir Mirzayev soʻzga chiqib, ushbu beqiyos maʼnaviy merosning yoshlar tarbiyasidagi oʻrni katta ekanini taʼkidladi.
Qarshi shahridagi “Odina” majmuasida Qashqadaryo viloyat hokimligi va viloyat madaniyat boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan “Maqom va mumtoz navolar” nomli konsert dasturida mumtoz qoʻshiqlarimizdan jonli namunalar yangradi.
Kechaning ochilish marosimida viloyat hokimi Zoyir Mirzayev soʻzga chiqib, ushbu beqiyos maʼnaviy merosning yoshlar tarbiyasidagi oʻrni katta ekanini taʼkidladi.
Dasturda “Dunyo bilar Qashqadaryoni”, “Munojot”, “Soqinomai bayot”, “Ushshoq” (Oshiqlar), “Qoshi yosinmu deyin”, “Boʻylaringga”, “Topmadim”, “Qomating”, “Dugoh Husaniy VI”, “Bogʻishamol”, “Oʻtdimu”, “Surating”, “Toshkent irogʻi”, “Ulugʻbek xazinasi”, “Samarqandga borsam men agar”, “Koʻcha bogʻi”, “Sallamno”, “Oʻrtar”, “Qashqadaryomsan” kabi xalq kuylari, ashulalar va mashhur spektakllardan parchalar ijro qilindi.
Maqom sanʼatining tajribali hamda yosh namoyondalari jonli ijroda kuylagan mumtoz kuylarning yorqin namunalari kishilar ruhiyatiga koʻtarinkilik baxsh etdi, ularning qalbida ezgulik, yurtparvarlik, mehr-oqibat kabi goʻzal tuygʻularni uygʻotdi.