Qars ikki qoʻldan chiqadi
Dunyo aholisining hayot tarzini butunlay boshqa oʻzanga burib yuborgan koronavirus pandemiyasi mamlakatimizni ham chetlab oʻtgani yoʻq.
Munosabat
Dunyo aholisining hayot tarzini butunlay boshqa oʻzanga burib yuborgan koronavirus pandemiyasi mamlakatimizni ham chetlab oʻtgani yoʻq. Natijada koʻpgina sohlar oʻz faoliyatini vaqtincha toʻxtatdi, ayrim korxonalarda ishlab chiqarish va savdo hajmi keskin tushib ketdi. Kunlik daromadga ega fuqarolarimiz esa bu imkoniyatdan mahrum boʻlishdi.
Albatta, davlat rahbarining koʻrsatmalariga asosan, hukumat tomonidan mazkur sinovli kunlarni iloji boricha tezroq va kamroq talafot bilan oʻtkazish toʻgʻrisida choralar koʻrilmoqa.
Avvalo, Prezidentimiz tomonidan qisqa muddat ichida pandemiyaning iqtisodiy-ijtimoiy talafotlarini bartaraf etish, unga qarshi kurashayotganlarni moddiy qoʻllab-quvvatlash, karantin qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish, fuqarolar va muassasalarni zaruriy dori va himoya vositalari bilan taʼminlash kabi eng ustuvor masalalarni qamrab olgan 2 ta farmon, 1 ta qonun, 3 ta qaror imzolandi.
Koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida 10 trillion soʻm mablagʻga ega Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi tashkil etildi, 100 ming kishi karantinga olindi, xorijdan 13 mingga yaqin fuqarolarimiz qaytarildi va ular ham tibbiy nazoratda. Toshkent viloyatida 10 ming kishiga moʻljallangan karantin zonasi qurilmoqda. Zangiota tumanida esa 10 ming oʻrinli ikkita virusologiya shifoxonasi qad koʻtarmoqda. Shifokorlarga ustama haq va qoʻshimcha toʻlovlar belgilandi. Tadbirkorlarga soliq imtiyozlari va soliq taʼtillari berildi.
Kuni kecha ushbu ishlarni uzviy davom ettirish va qoʻshimcha zaruriy choralarni qoʻllash maqsadida “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni imzolandi.
Mazkur farmon bilan Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish davrida aholini ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish va iqtisodiyot tarmoqlari faoliyat koʻrsatishining barqarorligini taʼminlash, shuningdek, ayrim xoʻjalik yurituvchi subyektlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha bir qator chora-tadbirlar belgilanmoqda.
Jumladan, tadbirkorlarning kreditlar foizini qoplashga Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasidan qoʻshimcha 400 milliard soʻm yoʻnaltiriladi. Shuningdek, qiyin ahvoldagi korxonalar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va jismoniy shaxslarning 12 trillion soʻmlik kredit majburiyati muddati uzaytiriladi.
Aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida bolali oilalarga nafaqa va moddiy yordam avtomatik tarzda 6 oydan 1 yilgacha uzaytirilmoqda. Shu bilan birga karantin davrida yolgʻiz keksalar va nogironlarga 18 turdagi oziq-ovqat va gigiyena vositalari bepul yetkazib beriladi.
Yana shuni alohida qayd etish lozimki, karantin davomida daromad manbalaridan ayrilgan, ogʻir ahvolga tushib qolgan aholi qatlamiga yordam berish maqsadida Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi hamda uning hududiy boʻlinmalariga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordamlarning manzilliligini taʼminlash hamda ijtimoiy yordamga muhtoj boʻlgan oilalarga yordam koʻrsatish uchun tegishli koʻmaklarni jalb qilish boʻyicha tezkorlik bilan chora koʻrish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Bundan tashqari, koronavirus infeksiyasini aniqlash boʻyicha ekspress-testlar hamda koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish boʻyicha tibbiyot va karantin muassasalari qurilishi uchun zarur boʻlgan qurilish materiallari bojxona toʻlovlaridan ozod etilmoqda.
Yuqorida taʼkidlanganidek, hukumat tomonidan pandemiyani talafotlarsiz oʻtkazish boʻyicha zaruriy chora-tadbirlar oʻz vaqtida koʻrilmoqda. Shuni alohida taʼkidlash lozimki, mazkur vaziyat davlatimiz xoh chet eldagi, xoh mamlakat ichkarisidagi barcha fuqarolarni himoya qilish, ularni asrab-avaylash boʻyicha yetarlicha kuch va imkoniyatga ega ekanligini yana bir bor koʻrsatib bermoqda.
Fuqarolardan esa mazkur vaziyatda hukumat tomonidan qabul qilinayotgan barcha qarorlarni toʻgʻri qabul qilishi, shifokorlar tavsiyasiga asosan, zaruriy ehtiyot choralarini koʻrishi, karantin qoidalariga toʻliq amal qilishi soʻraladi xolos. Afsuski, bugun hammamiz ham mazkur eng oddiy koʻrsatmalarga toʻliq amal qilmayapmiz. Natijada nafaqat oʻzimizni, yaqinlarimiznig sogʻligʻiga ham xavf tugʻdirmoqdamiz.
Xalqimizda “Qars ikki qoʻldan chiqadi” degan naql mavjud. Agarda biz davlat tomonidan koʻrilayotgan choralarni qoʻllab-quvvatab, oʻz ehtiyotimizni qilmas ekanmiz, qilinayotgan shuncha harakat, sarflanayotgan shuncha mablagʻlar oʻz samarasini berishi qiyin boʻlib qoladi.
Hukumat tomonidan fuqarolarni asrab-avaylash uchun shuncha zaruriy choralar koʻrilmoqdami, biz ham oʻzimizni, davlatmizni asrash uchun karantin qoidalariga amal qilib, uyda qolaylik.
Narimon UMAROV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikeri oʻrinbosari,
“Adolat” SDP siyosiy kengashi raisi.