Qariyb barcha murojaatlar joyida hal etildi
O‘zLiDePning “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida Sirdaryo viloyatining Shirin shahrida aholi murojaatlarini o‘rganish va ularning dolzarb muammolariga yechim topishga qaratilgan navbatdagi sayyor qabul tashkil etildi.
Unda Senator, O‘zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi raisi Pokiza Ahmedjanova, Shirin shahar hokimi, xalq deputatlari Shirin shahar Kengashi deputati Dilfuza Qambarova, partiya viloyat Kengashi apparat rahbari Shohista Bozorboyeva, xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashi deputati Bahrom Sobirov, partiya faollari, mutasaddi idoralar va tashkilotlar rahbarlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

Sayyor qabul davomida shahar aholisi tomonidan jami 76 ta murojaat kelib tushdi. Ularning aksariyati tibbiy xizmat sifatini oshirish, ta’lim tizimi, elektr energiyasi, ichimlik suvi va tabiiy gaz ta’minotini yaxshilash, maishiy chiqindilarni o‘z vaqtida olib chiqish, ijtimoiy himoya va moddiy yordam kabi kundalik hayot bilan bog‘liq dolzarb masalalarga taalluqli bo‘ldi.

Murojaatlarning har biri mas’ul tashkilotlar vakillari ishtirokida atroflicha muhokama qilindi. Natijada 51 ta murojaat shu joyning o‘zida ijobiy hal etildi, qolgan masalalar esa qonunchilik talablari asosida tegishli tashkilotlarga yo‘naltirilib, ularni hal etish bo‘yicha aniq muddatlar va mas’ul ijrochilar belgilab olindi.

Tadbir doirasida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan qator takliflar ham muhokama qilindi. Xususan, aholi bandligini ta’minlash, yoshlar va xotin-qizlarni zamonaviy kasb-hunarlarga o‘qitish, mehnat bozori talablariga mos mutaxassislar tayyorlash, oliy ta’lim muassasalarini tamomlagan yosh kadrlarni hududga jalb etish hamda ular uchun munosib mehnat va yashash sharoitlarini yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri