Qalovini topsang, qor ham yonadi
Navoiy viloyati Xatirchi tumani “Dehqonobod” mahallasida malina yetishtirish borasida tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilmoqda. Aytish joiz bu mahalla iqlim va yerining unumdorligi bilan malina yetishtirish uchun juda qulay hudud hisoblanadi. Bu yerda dehqonchilikning hadisini olgan mirishkorlar ko‘p.
Malina shifobaxsh va qimmatbaho meva hisoblanib, Navoiy viloyati bozorlariga asosan Farg‘ona va qo‘shni viloyatlardan keltiriladi.

Prezidentimizning 2021 yil 23 noyabrdagi “Meva-sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida dehqon xo‘jaliklarining ulushini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaroriga asosan mahalladagi 209 nafar ishsiz fuqaroga o‘rtacha 20 sotixdan umumiy 47,5 gektar yer maydoni tarqatildi. Shundan 22,3 gektar yer maydoni sug‘oriladigan yer hisoblanadi.
– Aholi ushbu yerlardan samarali foydalanish, yuqori daromadli meva-sabzavot va boshqa mahsulotlar yetishtirib, o‘z bandligini to‘liq ta’minlash malakasiga ega emas, – deydi Navoiy viloyati “Uchinchi renessans” nodavlat notijorat tashkiloti rahbari Akbar Jaynarov. – Shu sababli mazkur yer maydonlariga yer egalarining aksariyati urug‘lik makkajo‘xori, kunjut, kartoshka kabi ekinlarni ekib yetishtirmoqda. Keyingi yildan ushbu yer maydonlariga qanday ekin ekish va munosib daromad olishga esa aholining boshi qotgan. Odatiy ekilayotgan ekindan daromadning pastligi sababli yer egalarining deyarli barchasi o‘zlarini to‘liq band hisoblamasdan bor-yo‘g‘i chorva mollarini boqish uchun qo‘shimcha yer maydoni sifatida qaraydi. Buning asosiy sababi aholi o‘z shaxsiy imkoniyatlari va resurslaridan to‘g‘ri va oqilona foydalanish bo‘yicha bilim va malakaga ega emasligidadir.

Mazkur muammolarni bartaraf etish- maqsadida joriy yilning may oyida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab quvvatlash jamoat fondi tomonidan e’lon qilingan “Ijtimoiy-ma’naviy muhit barqaror bo‘lmagan mahallalarda aholini bandligini ta’minlashga ko‘maklashish” mavzusidagi 1-tanlovida “Mahallalardagi ehtiyojmand aholi, ayniqsa xotin-qizlar va yoshlarning xohish va istaklarini o‘rganish hamda iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash” yo‘nalishida “Uchinchi renessans” NNT o‘zining “Tomorqa – dehqonning qanoti, turmush farovonligini oshirishning garovi” loyihasi bilan ishtirok etib, g‘olib bo‘lgan edi.

Loyiha “Dehqonobod” mahalla fuqarolar yig‘ini aholisining dehqon xo‘jaligi yerlaridan 5 nafar (20 sotixdan) doimiy ish o‘rniga ega bo‘lmagan ishsiz fuqaroga ajratilgan 1 gektar yer maydonida shifobaxsh, qimmatbaho malina mevasini yetishtirish orqali yerdan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Mazkur loyihada dehqon hozirgi kunda olayotgan daromadidan kamida 8-10 barobar ko‘p daromad oladi. 5 nafar fuqaroning doimiy va 25 nafar fuqaroning mavsumiy bandligi ta’minlanadi.

Malinaning hosildorligi o‘rtacha 100-120 sentner bo‘lib, bozorlarda ayni pishiqchilik davrida uning o‘rtacha narxi 30-35 ming so‘mni tashkil etadi. Dehqon xo‘jaligi egalari o‘zlarining 20 sotixli yeridan o‘rtacha 2 tonna malina yetishtirgan taqdirda oladigan daromadi 60-70 million so‘mga yetadi. Bu esa dehqonlarning hozirda oladigan daromadidan 15-20 barobar ko‘p.
Loyihaning eng muhim jihati esa dehqonning daromadi ortishi bilan birga shifobaxsh malinaning viloyat ichki bozorlari va xalqimiz dasturxoniga arzon narxlarda yetkazib berilishi ta’minlanadi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA.