Qahramonlar jasorati yod etildi
FOTOREPORTAJ
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi qo‘mondonligi hamda Termiz garnizonida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar tomonidan Vatan himoyasi yo‘lida halok bo‘lgan yurtdoshlar xotirasi yod etildi. Shuningdek, xizmat vazifasini bajarish chog‘ida jarohat olgan harbiy xizmatchilar holidan xabar olindi.
Dastlab 2001-yilda Sariosiyo va Uzun tumanlarida jangarilar bilan bo‘lgan to‘qnashuvda qahramonlarcha halok bo‘lgan serjant Muhiddin Eshtemirovning onasi Manzura aya Dillayeva xonadoniga tashrif buyurildi.
[gallery-31067]
Uchrashuvda qahramonning hayoti va harbiy xizmat davri, Vatan himoyasi yo‘lida ko‘rsatgan jasorati yodga olindi. Oila a’zolari bilan suhbatlashilib, xonadonda saqlanayotgan suratlar, davlat mukofotlari va esdalik buyumlari bilan tanishildi. Manzura ayaga Mudofaa vazirligi tomonidan ajratilgan pul mukofoti hamda bayram sovg‘asi topshirildi.
Ta’kidlash joizki, Muhiddin Eshtemirov tug‘ilib o‘sgan mahallaga qahramon nomi berilgan. U tahsil olgan maktabda byusti o‘rnatilib, xotira burchagi tashkil etilgan.
Shuningdek, harbiy xizmatchilar xizmat vazifasini bajarish chog‘ida tan jarohati olgan katta leytenant Ne’mat Jo‘rayev va kichik serjant Shuhrat Qayumov xonadonida bo‘lib, ularga Mudofaa vazirligi tomonidan ajratilgan pul mukofoti, bayram sovg‘asi hamda oziq-ovqat mahsulotlarini topshirdi.
Bunday e’tibor va g‘amxo‘rlik Vatan himoyachilari jasoratini qadrlash, ularning oila a’zolarini qo‘llab-quvvatlash bilan birga, yosh avlodni Vatanga sadoqat va fidoyilik ruhida tarbiyalashda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Zero, bugungi osoyishta hayot Vatan tinchligi yo‘lida o‘z jonini fido qilgan va bugun ham yurt himoyasida turgan mard o‘g‘lonlar jasoratini qadrlashga undaydi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV(surat),O‘zA