Qadring baland bo‘lsin, ona tilim
“O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi “Qodiriya GESlar kaskadi” filialida o‘tkazilgan tadbir shunday nomlandi.
Unda “O‘zbekgidroenergo” AJ boshqaruvi raisining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha maslahatchisi Surayyo Po‘latova, “Qodiriya GESlar kaskadi” filiali direktori Alisher Tojiboyev, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyatining eng faol a’zolari – falsafa fanlari doktori, professor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi Jamila Shermuhammedova, Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, “Shuhrat” medali sohibasi, shoira Farog‘at Xudoyqulova ona tilimizning jozibasi, yosh avlod tarbiyasidagi o‘rni, asrlar silsilasida turli evrilishlar bilan sayqallanib kelayotgani, millat o‘zligini anglashda va xalqning ma’naviy-ma’rifiy jihatdan yuksalishida muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.
Tadbirda aytib o‘tilganidek, O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil 10 apreldagi “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonuniga asosan 21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni sifatida belgilanishi munosabati bilan ona tilimizning tarixiy taraqqiyoti va bugungi ahamiyatini yanada chuqur o‘rganish, targ‘ib etish, rivojlantirish borasidagi ishlar izchil davom ettirilyapti.
Ayni kunlarda mamlakatimiz bo‘ylab millatimiz ma’naviyatining gultoji bo‘lmish o‘zbek tiliga davlat maqomi berilgan kunni munosib nishonlashga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy bayram tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda.
Tadbirga taklif etilgan mehmonlar va Toshkent viloyati Qibray tumanidagi 7-sonli maktabning adabiyot va san’atga oshno bir guruh iqtidorli o‘quvchilarining ijodiy chiqishlari ishtirokchilarga yanada ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Tadbirning yakuniy qismida 21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan “O‘zbekgidroenergo” AJ va tizim korxonalari ishchi-xodimlari o‘rtasida o‘tkazilgan insholar tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
Hakamlar hay’atiga ko‘ra, birinchi o‘rinni “Chirchiq GESlar kaskadi” filiali ICHTB muhandisi Dostonjon Yolqinov egalladi. Ikkinchi o‘ringa “Gidrotexmonitoring” MCHJ Gidrotexnika inshootlarini maxsus uskunalar yordamida tashxis qilish bo‘limi boshlig‘i Abdurazzoq Qo‘ziboyev va uchinchi o‘ringa “O‘zsuvloyiha” AJ rejalashtirish-iqtisodiyot bo‘limi xodimi Sarvar O‘rozboyev sazovor bo‘ldi.
G‘oliblarga tashkilotning faxriy yorliqlari, badiiy asarlar to‘plami va qimmatbaho sovg‘alari topshirildi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA