Puxta tayyorgarlik mo‘l hosil garovi
Buxoro viloyatida joriy yilda 42 ming 36 quti ipak qurti parvarishlash rejalashtirishgan. Umumiy miqdori 2 ming 354 tonna yuqori sifatli sanoat xom ashyosi –“kumush tola” xirmonini bunyod etish ko‘zda tutilgan.
Pillachilik sohasida yaratilgan imkoniyatlar, oilaviy zvenolar va kasanachilarning qo‘llab-quvvatlanishi, ularga oziq-ovqat, rag‘bat pullari, shuningdek, mehnat shartnomasi asosida ish haqining o‘z vaqtida berib borilishi ipak qurti boqish istagidagi oilalarning soni ortishiga olib keldi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmatidan olingan xabarga ko‘ra, 1 ming 900 dan ortiq fermer xo‘jaligi yoki 13 ming 533 ta kasanachi, ya’ni oilaviy zvenolar bilan agroklasterlar o‘rtasida kontraktatsiya shartnomalari tuzilgan. Joylarda tumanlar hokimliklari va pillachilik klasterlari hamkorligida tarmoq faoliyatini samarali tashkil qilish, pilla ozuqa bazasini mustahkamlash hamda joriy yilgi mavsumini betalofat o‘tkazish chora-tadbirlari olib borilmoqda.
Jondor tumanida bu yil 5 ming 826 qutidan 326 tonna, Vobkent tumanida 4 ming 796 qutidan 267 tonna, Qorako‘l tumanida 4 ming 578 qutidan 256 tonna, Romitan tumanida 3 ming 505 qutidan 196 tonna, Buxoro tumanida 3 ming 464 qutidan 195 tonna “kumush tola” yetishtirish rejalashtirilgan.
Boshqa tumanlarda ham bu borada hosil cho‘g‘i o‘tgan yilgiga nisbatan balandroq bo‘ladi.

G‘ijduvon tumani pillakorlari viloyatda yaqqol peshqadam va salmoqli xirmon yaratishi bilan ajralib turadi. Ularning zimmasida joriy mavsumda 7 ming 919 quti ipak qurtidan 443 tonna qimmatbaho sanoat xom ashyosini yetishtirish majburiyati yuklangan.
“Buxoro Brilliant Silk” qo‘shma korxonasi tashabbusi bilan hududlarda ishsizlikni kamaytirish, aholi daromadlari barqarorligini saqlash maqsadida tarqatiladigan ipak qurti har yilgi rejadagidan 55 foizga oshirildi.
Xo‘jaliklar va oilaviy zvenolarga ipak qurti urug‘larini tarqatish boshlandi. Hududlarda sektor rahbarlari tomonidan urug‘larni tarqatishda shaxsan javobgarlik mas’uliyati oshirilmoqda. Tijorat banklari tomonidan pilla yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari va kasanachilarga belgilangan tartibda bo‘nak (avans) mablag‘i naqd pulda topshirish, bu jarayonda viloyat Bandlik bosh boshqarmasi “Agropilla” tashkiloti bilan hamjihatlikda qishloq aholisini, ayniqsa, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarni ish bilan ta’minlash va ularning daromadlarini oshirish uchun 1 qutidan pilla tarqatib berish orqali daromadli qilish choralarini ko‘rishi zarurligi belgilangan.
Viloyat Qishloq xo‘jaligi boshqarmasi “Agrokimyohimoya” AJ bilan birgalikda kimyoviy preparatlar bilan dorilashda tut daraxtlariga, ya’ni ozuqa bazalariga zarar yetkazmaslik choralarini ko‘rmoqda. Shofirkon tumanida ham pilla qurtini tarqatish ishlari boshlangan. Joriy yilda tumanda 3 ming 352 quti ipak qurtidan 188 tonna sanoat xom ashyosi yetishtirishga ahd qilingan. Pillakorlar hududlardagi inkubatoriyalarda jonlantirilgan mahalliy ipak qurti urug‘ini parvarishlab, undan sifatli pilla olishga shay turishibdi.
Zarif Komilov, O‘zA